Tadqiqot: fruktoza kimyoterapiyadan keyin tuxumdon saratonining tarqalishiga yordam berishi mumkin
The Wistar Institute olimlari klinikagacha boʻlgan tajribalarda fruktoza tuxumdon saratoni hujayralari oʻrtasidagi bogʻlanishlarni susaytirib, saratonning tarqalishini osonlashtirishi mumkinligini aniqladi.

Tadqiqot 2026-yil 11-noyabr kuni Nature Aging jurnalida chop etildi. Olimlar platina asosidagi preparatlar bilan oʻtkazilgan kimyoterapiyadan omon qolgan tuxumdon saratoni hujayralarini oʻrgandilar. Ular endi koʻpaymagan, ammo qoʻshni hujayralarga taʼsir qiluvchi molekulalarni ajratishda davom etgan.
Shunday molekulalardan biri mevalar, asal, shirin ichimliklar va qayta ishlangan mahsulotlar tarkibida boʻladigan shakar — fruktoza boʻlib chiqdi. Tajribalarda u qoʻshni saraton hujayralarida xolesterin ishlab chiqarilishini kamaytirdi. Xolesterin hujayralar oʻrtasidagi bogʻlanishlarni saqlashda ishtirok etadi, shuning uchun uning yetishmasligi bu bogʻlanishlarni susaytirib, hujayralarning bir-biridan osonroq ajralishiga olib keldi.
Klinikagacha boʻlgan modelda davolashdan omon qolgan hujayralar ajratgan moddalar, hujayralarning oʻzi boʻlmagan taqdirda ham, oʻsimtaning tarqalishini kuchaytirdi. Shirin ichimliklar tarkibidagi miqdorga yaqin boʻlgan fruktozani koʻp isteʼmol qilish ham, hatto kimyoterapiyasiz, saraton tarqalishi bilan bogʻliq signallarni ishga tushirdi.
Metastazlar tuxumdon saratonidan kelib chiqadigan oʻlimlarning qariyb 90 foiziga sabab boʻladi. Shu bilan birga, tadqiqotchilar ish shakar isteʼmoli odamlarda saratonning tarqalishiga olib kelishini isbotlamasligini taʼkidlamoqda. Fruktoza miqdorini kamaytirishning davolash natijalariga taʼsiri hozircha tekshirilmagan, shuning uchun bu maʼlumotlar asosida ovqatlanish boʻyicha aniq tavsiyalar berib boʻlmaydi.
Olimlar alohida ravishda xolesterin miqdorini kamaytiruvchi preparatlar — statinlarni ham tekshirdilar. Tajribalarda ular ham saraton hujayralari oʻrtasidagi bogʻlanishlarni susaytirdi. Natija hozircha bemorlarda tasdiqlanmagan va bu odamlarga shifokor buyurgan dorilarni qabul qilishni toʻxtatish kerakligini anglatmaydi. Tadqiqotchilar shunga oʻxshash mexanizm oshqozon osti bezi, ichak va jigar saratonida ham amal qilishi mumkinligini tekshirishni rejalashtirmoqda.



