P2P-oʻtkazmalar qoidalari: Oʻzbekistonda xavfsizlik talablari yangilandi
2026-yil 16-noyabrdan banklar va toʻlov tashkilotlari OTPsiz P2P-oʻtkazmalar limitini oʻzlari belgilaydi. Hisoblarni roʻyxatdan oʻtkazish va himoyalash qoidalari ham oʻzgardi.

2026-yil 16-noyabrdan Oʻzbekistonda masofaviy moliyaviy xizmatlar xavfsizligiga oid yangi talablar amal qiladi. Ular P2P-oʻtkazmalar, bank ilovalarida roʻyxatdan oʻtish va mijozlarni firibgarlikdan himoyalashni tartibga soladi.
Banklar va toʻlov tashkilotlari endi OTP-kod yoki boshqa tasdiqlash usuli talab qilinmaydigan oʻtkazmaning maksimal summasini oʻzlari belgilaydi. Limit risklarni boshqarish siyosati hisobga olingan holda oʻrnatiladi. Summa belgilangan chegaradan oshsa, qoʻshimcha autentifikatsiya majburiy boʻlib qoladi.
Qoʻshimcha tasdiqsiz oʻtkazma vaqtida firibgarlik sodir boʻlsa, javobgarlik bank yoki toʻlov tashkilotiga yuklanadi. Veb-saytlar orqali oʻtkazmalar hamon taqiqlangan: ularni mobil ilovalar orqali amalga oshirish mumkin.
Foydalanuvchilar bank ilovasida yaqin qarindoshining telefon raqami bilan roʻyxatdan oʻtishi mumkin. Buning uchun qarindoshlikni tasdiqlash kerak. Ilovada foydalanuvchi va uning yaqin qarindoshlariga tegishli hisoblar, kartalar hamda elektron hamyonlarni ulashga ham ruxsat berildi. Oddiy roʻyxatdan oʻtishda PINFL raqam egasining maʼlumotlariga mos kelishi kerak. Korporativ raqamlar uchun ham istisno mavjud.
Roʻyxatdan oʻtish, parolni tiklash va boshqa qurilmadan akkauntga kirishda biometrik tekshiruv hamon talab etiladi. Kartani allaqachon roʻyxatdan oʻtgan akkauntga ulashda esa biometrik tekshiruv kerak emas — alohida OTP-kod kifoya.
Qurilma almashtirilganda yoki kirish tiklanganda ulangan kartalar oʻchirilmaydi. Ilovada ular vaqtincha faolsizlantiriladi, qayta faollashtirish uchun OTP orqali tasdiqlash talab qilinadi. Bu amallar sababli operatsiyalar tarixi ham oʻchirilmasligi kerak.
Qurilmada zararli dastur yoki masofadan boshqarish vositasi aniqlansa, bank mijozni darhol SMS va PUSH-xabarnoma orqali ogohlantirishi shart. Xabarda moliyaviy tashkilot bilan bogʻlanish boʻyicha tavsiyalar boʻlishi kerak. Ilovalarda operatsiyani tasdiqlashdan oldin firibgarlar aralashuvi ehtimoli haqida ogohlantirishlar ham koʻrsatiladi. Oʻtkazmalar aks ettirilganda karta egalari haqidagi maʼlumotlar qisman yashiriladi.



