Vachovski opa-singillari Warner Bros.dan «Matritsa» franshizasiga boʻlgan huquqlarni qaytarib olish niyatida
Lana va Lilly Vachovski mualliflarga avval topshirilgan mualliflik huquqlarini qaytarib olishga imkon beruvchi qonundan foydalanish niyatida ekanini studiyaga maʼlum qildi.

«Matritsa»ni yaratgan Lana va Lilly Vachovski avval Warner Bros.ga topshirilgan franshizaga boʻlgan huquqlarni qaytarish jarayonini boshladi. Puck nashri xabariga koʻra, rejissyorlar tegishli AQSh qonunchiligi mexanizmidan foydalanish niyatida ekanini studiyaga rasman bildirdi. Agar talab qanoatlantirilsa, AQShda seriyaga boʻlgan huquqlar 2029-yil fevralidayoq ularga qaytishi mumkin.
Vaziyat «Matritsa»ning beshinchi filmi ustida ish olib borilayotgan bir paytda yuzaga keldi. Ssenariy muallifi va rejissyor Dryu Goddard davomi ustida ishlamoqda, biroq huquqlar qaytarilganidan keyin franshizani rivojlantirishni davom ettirish uchun studiyaga Vachovski opa-singillari bilan yangi kelishuv tuzish talab qilinishi mumkin.
AQSh qonunchiligi muayyan shartlar asosida mualliflarga avval topshirilgan huquqlarni belgilangan muddat oʻtgach qaytarib olish imkonini beradi. Bu muddat odatda 35 yilni tashkil etadi. Shu bilan birga, ushbu mexanizm «Matritsa»ga tatbiq etiladimi, degan savol ochiq qolmoqda: agar Warner Bros. film studiyaning buyurtmasi asosida shartnoma boʻyicha yaratilganini isbotlasa, kompaniya talabga eʼtiroz bildirishi mumkin.
Ehtimoliy kelishmovchiliklarga qaramay, huquqlarning qaytarilishi beshinchi qism bekor qilinishiga olib kelishi shart emas. Puck maʼlumotiga koʻra, Vachovski opa-singillari davomi uchun yangi konsepsiyani qoʻllab-quvvatlamoqda va soʻnggi paytlarda uni muhokama qilishda hatto faolroq qatnashmoqda.
Shunday qilib, yuzaga kelishi kutilayotgan vaziyat, avvalo, franshizani rivojlantirishni toʻxtatishdan koʻra rejissyorlar va studiya oʻrtasidagi hamkorlik shartlarini qayta koʻrib chiqishga olib kelishi mumkin.
Yana oʻqing

BC Architects mahalliy va qayta ishlangan materiallarga asoslangan arxitekturani rivojlantirmoqda
Madaniyat11:24
«Sumerki» rejissyori Pattinson Bond haqidagi replikaga qanday ilhom berganini aytdi
Madaniyat11:03
