Iordaniyada Oʻzbekiston prezidenti sharafiga rasmiy qabul marosimi boʻlib oʻtdi
Iordaniya qiroli Abdulla II Ammanda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sharafiga rasmiy qabul uyushtirdi. Tomonlar beshta sohada hamkorlikni muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Iordaniya qiroli Abdulla II Ammandagi «Al-Husayniya» saroyida qabul marosimi uyushtirdi. Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasini qirol hamda qirolicha Raniya kutib oldi. Marosimda Oʻzbekiston va Iordaniya madhiyalari yangradi, davlat rahbarlari rasmiy delegatsiyalar aʼzolariga salom berdi.
Muzokaralarda qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, toʻqimachilik, togʻ-kon va kimyo sanoatida hamkorlikni muhokama qilish rejalashtirilmoqda. Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmatining maʼlumotiga koʻra, uchrashuv yakunlari boʻyicha qator hujjatlarni qabul qilish kutilmoqda.



