IREN mijoz soʻroviga koʻra 4 mlrd dollardan ortiq yillik tushumni kechiktirdi
IRENning 2026-yilda kutilgan 4 mlrd dollardan ortiq yillik takrorlanuvchi tushumi kamida yanvargacha kechiktirildi; muddat fevralgacha choʻzilishi mumkin.

IREN choraklik hisobotida kechikishni mijoz soʻroviga koʻra konfiguratsiyani oʻzgartirish va tarmoq infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, yetkazib beruvchining muddatlari bilan izohladi. Kompaniyaning hamrahbari Deniel Roberts mijoz Microsoft ekanini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, yangilash ilgʻor AI modellari bilan ishlash uchun 200 MVt quvvatni taʼminlashi kerak.
Chorak davomida IREN tushumi 66 foizga oshib, 228 mln dollarga yetdi va tahlilchilarning 221 mln dollarlik oʻrtacha prognozidan yuqori boʻldi. AI Cloudʼdan tushgan daromad ikki baravardan koʻproqqa oshib, 200 mln dollarga yetdi. Sof zarar avvalgi davrdagi 684 mln dollardan 263 mln dollargacha qisqardi. Qolgan tushum kompaniya sunʼiy intellektga oʻtishidan oldin uning asosiy yoʻnalishi boʻlgan bitkoin mayningi hisobiga toʻgʻri keldi.
Kompaniya takrorlanuvchi tushum boʻyicha maqsadi toʻliq shartnomalar bilan taʼminlangan va moliyalashtirilganini bildirdi. Tushumlar boʻyicha buyurtmalar portfeli 22 foizga oshib, 20,3 mlrd dollarga yetdi; uning qariyb uchdan ikki qismi investitsion reytingga ega kontragentlarga toʻgʻri keladi.
IREN joriy moliya yili oxirigacha kapital xarajatlarga 15 mlrd dollar yoʻnaltirmoqchi. Bu summaning 9 mlrd dollari naqd mablagʻlar va allaqachon tasdiqlangan moliyalashtirishga, yana 6 mlrd dollari esa bozor sharoitlariga bogʻliq maqsadli moliyalashtirishga toʻgʻri keladi. Kompaniya, shuningdek, hisoblash quvvatlari narxlari oshgani, ilgʻor AI modellari ustida ishlovchi yetakchi laboratoriya bilan shartnoma kengaytirilgani va xatarlarni kamaytirish uchun kelasi yilga zarur barcha grafik protsessorlarni oldindan xarid qilmaslikni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.


