«Nasaf» Kuvaytda kambek qilib, gʻalaba qozondi
Qarshining «Nasaf» klubi «Kuwait SC»ni 3:2 hisobida yengdi va OFK-2 Chempionlar ligasining 4-turidagi safar oʻyinida 0:2 hisobidagi kamomadni bartaraf etdi.

Uchrashuv 5-noyabr kuni El-Kuvaytda boʻlib oʻtdi. Mezbonlar 27-daqiqada Yasin Henisining goli evaziga oldinga chiqdi, yana yetti daqiqadan keyin Muhammad Freyh «Kuwait SC»ning ustunligini ikki baravarga oshirdi.
Tanaffusdan soʻng qarshiliklar oʻyin borishini oʻzgartirdi. Bobur Abduholiqov raqib darvozasini ikki marta — 57- va 67-daqiqalarda ishgʻol qildi. 81-daqiqada Oybek Rustamov hal qiluvchi golni urdi.
Guruhdagi parallel uchrashuvda «Al-Khalidiya» safarda «Al-Wahda»ni 2:1 hisobida magʻlub etdi. Toʻrt turdan soʻng «Al-Wahda» 9 ochko bilan birinchi oʻrinda, «Kuwait SC» esa 6 ochko jamgʻargan. «Nasaf» va «Al-Khalidiya»ning hisobida 4 ochkodan bor.
25-noyabr kuni «Nasaf» Qarshida «Al-Khalidiya»ni qabul qiladi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 18:45 da boshlanishi rejalashtirilgan. Pley-off bosqichiga har bir guruhdan eng kuchli ikki jamoa yoʻl oladi.


