Shimoliy vokzal yonida 62 metrlik bayroq ustuni oʻrnatilib, Shevchenko koʻchasi obodonlashtiriladi
Shimoliy vokzal yonida Taras Shevchenko koʻchasining bir qismi obodonlashtirila boshlandi. Sobiq «Toshkent gerbi» oʻrnida 62 metrlik bayroq ustuni va favvora oʻrnatish rejalashtirilgan.

3 noyabr kuni Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov aholi uchun eshituv oʻtkazib, ularga sayr hududi loyihasini taqdim etdi. «Kopeyka» nomi bilan tanilgan, demontaj qilingan «Toshkent gerbi» monumentini tiklash rejalashtirilmagan.
Obodonlashtiriladigan hudud maydoni 30 975 kv. m ni tashkil etadi. Bu yerda trotuarlar va yoritish tizimi yangilanadi, butalar ekiladi, oʻrindiqlar oʻrnatiladi hamda tartibsiz turargoh oʻrniga pulli avtoturargoh tashkil etiladi. Salar kanali orqali oʻtgan koʻpriklar orasida favvoralar, pogʻonali terrasalari va dam olish joylari barpo etiladi, mavjud favvora esa rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, qahva, choy, sharbat va muzqaymoq sotiladigan savdo kiosklarini oʻrnatish koʻzda tutilgan.
Ishlarni ikki oy ichida yakunlash rejalashtirilgan. Loyiha koʻcha boʻylab joylashgan uylar fasadlarini yangilash va Berdaq haykali atrofidagi hududni obodonlashtirishni ham oʻz ichiga oladi. Vokzaldan yer usti oʻtish joyi masalasi Yoʻl harakatini tashkil etish markazi bilan muhokama qilinadi. Shahar miqyosida avtoturargoh muammosi hal etilmaguncha, aholidan shlagbaumlarni demontaj qilish soʻralmaydi. Kiosklar ijarasidan tushadigan daromad hududni tozalash, yoritish va joriy taʼmirlashga yoʻnaltiriladi.
Yana oʻqing

Oʻzbekiston va Belarus DNK diagnostikasi hamda tibbiy genetikani rivojlantirishni rejalashtirmoqda
Yangiliklar12:34
Oʻzbekistonda tarixda ilk bor 5 million tonnadan ortiq paxta terildi
Yangiliklar12:17
