Oʻzbekiston Markaziy banki 2029-yilga borib stavkani 10 foizdan pastga tushirishni istisno qilmadi
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Achilov inflyatsiya maqsadli 5 foizgacha barqaror pasaygan taqdirda, 2027–2029-yillarda asosiy stavka 10 foizdan past boʻlishi mumkinligini istisno qilmadi. Hozircha aniq muddatlar yoʻq.

Nodirbek Achilov siyosatni yumshatish ehtimoli haqida 4-noyabr kuni asosiy stavka boʻyicha qaror va regulyatorning keyingi faoliyati muhokama qilingan matbuot anjumanida maʼlum qildi. Uning aytishicha, Markaziy bank inflyatsiya, aholi va biznesning kutilmalari, shuningdek, iqtisodiy xatarlarni hisobga oladi.
Regulyatorning bazaviy ssenariysiga koʻra, 2027-yilning ikkinchi yarmida inflyatsiya 5 foizga yaqinlashadi, keyin esa shu daraja atrofida barqarorlashadi. Narxlarni barqarorlashtirishdan soʻng Markaziy bank qatʼiy shart-sharoitlardan neytral sharoitlarga oʻtishni rejalashtirmoqda. Bunda real stavkalar ijobiy boʻlishi kerak: bu soʻmdagi jamgʻarmalarni qoʻllab-quvvatlaydi va isteʼmol talabining haddan tashqari oshishini cheklaydi.
Markaziy bank boshqaruvi 4-noyabr kuni asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi. Inflyatsion kutilmalar pasaygani, bazaviy inflyatsiya esa barqarorlashganiga qaramay, boshqaruv aʼzolarining koʻpchiligi koʻrsatkichni saqlab qolish tarafdori boʻldi.
Regulyator qatʼiy shart-sharoitlar saqlanib qolayotganini ichki talabning yuqoriligi va tashqi xatarlar bilan izohlamoqda. Sentabr oyida yillik inflyatsiya 6,4 foizgacha tezlashdi, xizmatlar esa 7 foizga qimmatlashdi.
Markaziy bank 2027–2029-yillarga moʻljallangan pul-kredit siyosati toʻgʻrisidagi hujjatda foiz koridorini bosqichma-bosqich toraytirishni ham nazarda tutgan. Regulyator bahosiga koʻra, bu asosiy stavka boʻyicha qarorlarning pul va moliya bozorlariga oʻtishini tezlashtiradi.
