Vashingtonda Oʻzbekistonning Business Diplomat bilan hamkorligi muhokama qilindi
Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi Business Diplomat bilan uchrashuv oʻtkazdi. Tomonlar investitsiya loyihalari va hamkorlar izlashni muhokama qilib, ishni davom ettirishga kelishdi.

Delegatsiya tarkibidan kimyo sanoati, chiqindilarni qayta ishlash, uy-joy qurilishi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va savdosi, bank-moliya va investitsiya sektorlari, shuningdek, intellektual mulk sohasi vakillari oʻrin oldi.
Ishtirokchilarga Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarning rivoji, mamlakatlar oʻrtasidagi savdo hamda investitsiyaviy hamkorlik haqida maʼlumot berildi. Alohida tartibda Oʻzbekiston eksportini oshirish, uning assortimentini kengaytirish, sotuv kanallarini izlash va mahsulotlarni Amerika bozorida ilgari surish masalalari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, AQSh texnologiyalari, xizmatlari va mahsulotlarini Oʻzbekistonga jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Istiqbolli yoʻnalishlar qatoriga kaustik soda ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlash, turar joy va tijorat obyektlarini qurish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, bank xizmatlari, portfel investitsiyalari hamda intellektual mulkni himoya qilish kiradi. AQShning qonunchilik va meʼyoriy talablariga rioya etish masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Delegatsiya uchun Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi, AQSh Savdo vazirligi, AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC), White & Case yuridik firmasi va mamlakatda faoliyat yuritayotgan oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan B2B uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish, oʻzbekistonlik tadbirkorlarning AQSh bozoriga chiqishiga koʻmaklashish va yangi investitsiya tashabbuslarini ilgari surish niyatini tasdiqladi. Kelgusida amerikalik hamkorlarni kaustik soda, alyuminiy profillar va qurilish materiallarini birgalikda ishlab chiqarish, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash loyihalariga jalb etish rejalashtirilmoqda.

