Pink Floyd Animals albomining arxiv yozuvli yubiley nashrini taqdim etdi
Animals albomining kengaytirilgan nashri 2027-yil 22-yanvarda chiqadi. Pink Floyd unga noyob studiya va konsert yozuvlari hamda arxiv suratlarini qoʻshadi.

Britaniyaning Pink Floyd guruhi plastinkaning 50 yilligi munosabati bilan uni vinil plastinkalar, kompakt-disklar, Blu-ray va raqamli formatda chiqarishga tayyorlaydi. Toʻplamga Animals albomining original versiyasi va 2018-yilgi remiksi kiradi.
Alohida diskda beshta noyob yozuv jamlanadi: Rodjer Uotersning ilgari nomaʼlum boʻlgan Young Nicholas Jon kompozitsiyasi, Sheep va Dogs qoʻshiqlarining dastlabki variantlari, shuningdek, yana ikki yozuv. Toʻplamga Pink Floydning 1977-yil 9-may kuni Oklendda bergan konserti ham kiritiladi.
Boks-set xaridorlari 64 betlik kitob oladi. Unda Jonatan Letemning yangi izohlari, konsertni yozib olgan Raynxard Xolvayn bilan suhbat, shuningdek, albom yaratilishi, elektr stansiyasi Battersea ustidagi puflanadigan choʻchqa tasvirlangan muqova va jahon gastrollariga oid eʼlon qilinmagan suratlar joylashtiriladi.
Guruh, shuningdek, 1977-yilda tayyorlangan toʻrt yarim daqiqalik Sheep (Original Radio Edit) radio versiyasini taqdim etdi. U bungacha tijoriy tarzda chiqarilmagan.
Animals 1977-yilda chiqdi. Uning konsepsiyasi jamiyatni «choʻchqalar», «itlar» va «qoʻylar»ga boʻlishga asoslangan boʻlib, Jorj Oruellning «Hayvonlar xoʻjaligi» romaniga ishora qiladi.

