Maxachev va Yemelyanenko sambo boʻyicha jahon chempionatiga Toshkentga yetib kelishdi
Islom Maxachev va Fyodor Yemelyanenko Toshkentdagi sambo boʻyicha 50-jahon chempionatining faxriy mehmonlariga aylandi.

Yubiley musobaqa 6–8 noyabr kunlari Olimpiya shaharchasida joylashgan Toshkentdagi Game Sports Arena majmuasida boʻlib oʻtadi. Unda 100 dan ortiq mamlakatdan qariyb 700 nafar sportchi qatnashadi.
Maxachev va Yemelyanenkoni Oʻzbekiston sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov hamda Sambo federatsiyasi vakillari kutib oldi. Uchrashuvda Xalqaro sambo federatsiyasi rahbari Vasiliy Shestakov ham ishtirok etdi. Turnir boshlanishidan oldin u jangchilarga sambo elchilari sifatidagi ramziy guvohnomalarni topshirdi.
Ishtirokchilar sport va jangovar sambo, shuningdek, koʻzi ojizlar oʻrtasida 33 ta medallar toʻplami uchun kurashadi. Koʻzi ojiz ayollar oʻrtasidagi bahslar ilk bor jahon dasturidan oʻrin oldi. Sovrin jamgʻarmasi 363 ming dollarni tashkil etadi.
6 noyabr kuni saralash bellashuvlari soat 10:00 da boshlanadi, ochilish marosimi soat 16:30 ga, finallar esa 18:00 ga belgilangan. Toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya Xalqaro sambo federatsiyasining rasmiy platformasi Sambo.live saytida namoyish etiladi.



