Xodimlarni baholashdan oldin rahbarlar AIʼdan oʻzlari foydalanishi kerak
Fortune kolumnisti rahbarlar avval strategik ishlar uchun AIʼni oʻzlari oʻzlashtirib, keyin xodimlar maoshi va lavozimga koʻtarilishini undan foydalanish bilan bogʻlashi kerak, deb hisoblaydi.

Fortune jurnalidagi kolumnada muallif rahbarlarni AIʼdan nafaqat xatlar yozish va qisqa bayonlar tayyorlashda, balki strategik vazifalarni hal qilishda ham shaxsan foydalanishga chaqiradi. Uning fikricha, aks holda ular kompaniyada qaysi koʻnikmalarni rivojlantirish va baholash kerakligini tushuna olmaydi.
Muallif ChatGPT bilan ilk bor 2022-yil dekabrida, Jindal Steel kompaniyasida rivojlanish boʻyicha direktor boʻlib ishlagan paytida tanishganini aytadi. Dastlab u AIʼdan kundalik vazifalar uchun foydalangan, keyin esa undan strategiyani tekshirishda hamkor sifatida foydalanishni boshlagan. Buning uchun muallif CRIT yondashuvini ishlab chiqqan: kontekstni bayon qilish, AIʼga ekspert rolini berish, undan intervyu oʻtkazishni soʻrash va vazifani shakllantirish kerak.
Misollardan birida AI kompaniya rahbariga bittadan savol berib, yillik rejaning zaif jihatlarini aniqlashga yordam bergan. Shundan soʻng Jindal Steel raisi Navin Jindal muallifga bu yondashuvni butun kompaniyada joriy etishni taklif qilgan. Keyinroq muallif texnologiya va undan foydalanishni chuqurroq oʻrganish uchun Google bilan hamkorlik qilgan.
Muallif Jindal Steelʼda ishlagan davrini kompaniyaning bozor kapitallashuvi toʻrt yil ichida 750 mln dollardan 12 mlrd dollargacha oshgani bilan bogʻlaydi. Biroq u bu natijani AIʼni joriy etishning oʻzi emas, balki texnologiya yordam bergan kuchliroq strategik tafakkur taʼminlaganini taʼkidlaydi.
Kompaniyalar allaqachon AI bilan ishlash koʻnikmalarini maoshni oshirish va xodimlarni lavozimga koʻtarishda hisobga ola boshlagan. Muallif kuchli savollar berish, yangi yechimlarni topish va AIʼdan yuqori qiymatli ishlar uchun foydalanish qobiliyati baholansa, bunday yondashuvni oʻrinli deb hisoblaydi. Foydalanish statistikasi bir oʻzi yetarli emas: texnologiyadan xatlar va bayonnomalar uchun muntazam foydalanish xodim biznes uchun foydaliroq boʻlganini anglatmaydi.
Yana oʻqing

Anthropic rahbari AIga insoniyatni boshqarishni topshirish gʻoyasini rad etdi
Texnologiyalar12:17
Boris Titov BRM kun tartibiga SI, kosmos va madaniyatni qoʻshishni taklif qildi
Texnologiyalar10:49
