Oʻzbekiston prezidenti Yashil iqlim jamgʻarmasi bilan sheriklikni kengaytirishni muhokama qildi
Antaliyada Shavkat Mirziyoyev jamgʻarma ijrochi direktori Mafalda Duarte bilan uchrashdi. Tomonlar sheriklikni mustahkamlash va yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishdi.

Antaliyaga ishchi tashrifi chogʻida Shavkat Mirziyoyev oʻz qarorgohida Yashil iqlim jamgʻarmasi ijrochi direktori Mafalda Duarteni qabul qildi. Uchrashuvda iqlim oʻzgarishiga moslashish va iqlimiy moliyalashtirishni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston va jamgʻarmaning qoʻshma loyihalari portfeli 200 million dollardan oshdi. Tomonlar Markaziy Osiyoda iqlimga chidamli landshaftlarni yaratishga qaratilgan mintaqaviy dasturning maʼqullanganini ham mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Uchrashuvda milliy moliya institutlarining jamgʻarma resurslaridan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanishi muhim ekani alohida taʼkidlandi. Iqlimiy investitsiyalarning ehtimoliy yoʻnalishlari qatorida Orolboʻyi hududini ekologik tiklash va «yashil» shaharlarni rivojlantirish tilga olindi.



