Oʻzbekiston vakillari Parijda aviatsiya xavfsizligi seminarida qatnashmoqda
Parijda 19 noyabr kuni 27 davlat, ICAO va EASA vakillari ishtirokidagi xalqaro seminar oʻtmoqda. Oʻzbekiston nomidan Transport vazirligi xodimlari qatnashmoqda.

Oʻzbekiston vakillari 19 noyabr kuni Parijda aviatsiya xavfsizligiga bagʻishlangan xalqaro seminarda qatnashmoqda. Tadbirda Transport vazirligining Aviatsiya hodisalari va insidentlarini tergov qilish boʻlimi xodimlari ishtirok etmoqda.
Ishtirokchilar aviatsiya hodisalari va insidentlarini tergov qilish boʻyicha xalqaro tajriba, bunday holatlarning sabablarini tahlil qilish hamda ularning oldini olish choralarini muhokama qilmoqda. Kun tartibidan parvozlar xavfsizligi boʻyicha tavsiyalar va xavflarni kamaytirish uchun ularni joriy etish masalalari ham oʻrin olgan.
ECCAIRS — aviatsiya hodisalari va insidentlari haqidagi maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish va xalqaro almashish tizimini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Seminarda 27 davlatning aviatsiya hodisalarini tergov qilish organlari vakillari, shuningdek, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) va Yevropa Ittifoqining Aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) ishtirok etmoqda. Oʻzbekiston tomoni uchun tadbir xalqaro standartlarni oʻrganish va bu sohadagi hamkorlikni rivojlantirish maydoniga aylandi.



