Oʻzbekistonda 27 ta konsert reklamasida qoidabuzarliklar aniqlandi
Raqobat qoʻmitasi 27 ta konsert reklamasida jonli ovoz yoki fonogramma haqidagi maʼlumotlar yoʻqligini aniqladi. Reklama beruvchilarga ogohlantirishlar yuborildi.

Instagram postlari va tashqi reklama tekshiruvi tomoshabinlarga ijro formati har doim ham maʼlum qilinmaganini koʻrsatdi. Qoidabuzarliklar Lolita, Ani Lorak, Mayot, Nikolay Fomenko, Izzat Shukurov, «Ummon» guruhi, Rayhon Gʻaniyeva va Gʻaybullo Tursunov konsertlari reklamalarida aniqlandi. Tashqi reklamaga joylashtirilgan Toxi$, «Mashina Vremeni» guruhi va Otar Kushanashvili ishtirokidagi dasturlarda ham shunday kamchiliklar boʻlgan.
Qoʻmita reklama materiallarini qonunchilikka muvofiqlashtirishni talab qildi. Ularda «Jonli ijro», «Fonogrammadan foydalanilgan jonli ovoz» yoki «Fonogrammali konsert dasturi» degan iboralar qoʻllanishi kerak.
2025-yil 8-apreldan amal qilayotgan qoidalarga koʻra, tashqi reklamaga joylashtirilgan fonogramma haqidagi maʼlumot reklama maydonining kamida 10 foizini egallashi kerak. Tashkilotchilar tomosha boshlanishidan oldin fonogrammadan foydalanilishini ham eʼlon qilishi shart. Yangi qoidabuzarliklar yuz bersa, qoʻmita qonunda nazarda tutilgan choralarni koʻrishga vaʼda qilmoqda.



