Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Avto

Yangilangan Hongqi H9 Xitoyda 46 ming dollardan boshlanuvchi narxda oldindan sotuvga chiqdi

Xitoyda Hongqi H9 sedanining toʻrtta komplektatsiyasi boʻyicha oldindan sotuv boshlandi. Narxlar 330 mingdan 420 ming yuangacha (taxminan 46–59 ming dollar) etib belgilangan. Sedan plagin-gibrid kuch qurilmasi va 800 voltli elektr arxitekturasiga ega boʻldi.

10-noyabr, 10:50По-русски

Read in English

news.qq.com

Yangilangan modeldagi asosiy oʻzgarish plagin-gibrid kuch qurilmasi boʻldi.

Sedanning oʻlchamlari 5230 × 1955 × 1515 mm, gʻildirak bazasi esa 3120 mmni tashkil etadi. Avtomobil 20 dyuymli gʻildirak disklari va pnevmatik osma bilan jihozlangan. Barcha versiyalarda adaptiv amortizatorlar va toʻliq boshqariladigan shassi ham mavjud: orqa gʻildiraklar 16 darajagacha burila oladi.

Salon bezagida tabiiy teridan foydalanilgan. Old panel uchta ekranli multimedia majmuasi bilan jihozlangan. Diagonali 16,1 dyuym boʻlgan markaziy displey 3K aniqlikka ega va HarmonyOS 5 operatsion tizimida ishlaydi. Huawei Sound audio tizimi 25 ta karnayni oʻz ichiga oladi hamda fazoviy ovozni qoʻllab-quvvatlaydi.

Elektron yordamchilar ishini toʻrtta lidar bilan jihozlangan Huawei Qiankun ADS 5 High-end Edition majmuasi boshqaradi. Orqa yoʻlovchilar tizzalari uchun boʻsh joy 172 mm, yukxona hajmi esa 447 litrni tashkil etadi.

Hongqi H9 800 voltli elektr tizimiga ega gibrid platformada qurilgan va 6C tezkor quvvatlashni qoʻllab-quvvatlaydi. Kuch qurilmasi 197 ot kuchiga ega 2,0 litrli benzin dvigateli, ikki pogʻonali transmissiya va sigʻimi 40,4 kVt·soat boʻlgan tortish batareyasidan iborat.

Elektr tortishdagi yurish zaxirasi CLTC sikli boʻyicha 275 kmgacha yetadi. Sedanning maksimal tezligi 238 km/soatni, eʼlon qilingan yoqilgʻi sarfi esa 100 kmga 5,19 litrni tashkil etadi.