Prezident Yangi Toshkent qurilishini tezlashtirish va koʻkalamzorlashtirishni yaxshilashni topshirdi
Yigʻilishda prezident Yangi Toshkentdagi investitsiya loyihalarini tezlashtirish va koʻkalamzorlashtirish sifatini oshirishni topshirdi. Bu yilgi koʻchatlarning tutib ketishi 90–95% boʻlishi maqsad qilingan.

Yangi Toshkentda har bir investitsiya loyihasi ustidan kundalik nazorat joriy etiladi. Qurilish maydonlari shahar direksiyasi orqali markazlashtirib tayyorlanadi; muhandislik tarmoqlari, yoʻllar va kommunikatsiyalar obyektlar foydalanishga topshirilguncha tayyor boʻlishi kerak. Viloyatlarga biriktirilgan hududlar uchun alohida infratuzilma dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Ajratilgan joylarda turar joy mavzelari bilan birga biznes va savdo markazlari, mehmonxonalar, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport obyektlarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Loyihalar yagona meʼmoriy konsepsiya va yashil qurilish talablariga mos boʻlishi kerak.
Yigʻilishda «Yashil makon» loyihasi ham muhokama qilindi. Kuzgi daraxt ekish ishlari 8 noyabrda boshlandi, biroq Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida rejadan ortda qolish qayd etildi. Bahorda ekilgan koʻchatlarning uchdan biri nobud boʻlgan, hisobotlarda qoʻshib yozish holatlari aniqlangan.
Hokimiyatga oʻsimliklarni iqlim va tuproqqa mos tanlash, sugʻorish hamda parvarishni rivojlantirish topshirildi. Har bir mahallada aholi jon boshiga kamida uchta daraxt ekish rejalashtirilmoqda. Koʻp suv talab qiladigan maysazorlar oʻrniga seloziya, rayhon, kekik va mahalliy butalardan koʻproq foydalanish taklif qilindi.



