Kaliforniya saylovchilari milliarderlar soligʻini rad etmoqda
Dastlabki prognozlarga koʻra, Kaliforniya saylovchilari milliarderlar boyligiga solinadigan Proposition 40 soligʻini rad etmoqda.

Seshanba kuni Kaliforniyada Proposition 40 boʻyicha ovoz berish boʻlib oʻtdi. Byulletenlarning qariyb 60 foizi sanalgach, saylovchilarning 55,6 foizi choraga qarshi, 44,4 foizi esa uni yoqlab ovoz bergani maʼlum boʻldi. Yakuniy natijalar hali eʼlon qilinmagan.
Taklif boyligi bir milliard dollardan oshadigan shtat aholisi uchun bir martalik 5 foizlik soliq joriy etishni nazarda tutgan. Tashabbus mualliflari qariyb 100 milliard dollar yigʻishni koʻzlagan. Mablagʻlarning asosiy qismini tibbiy dasturlarga, shuningdek, taʼlim va oziq-ovqat yordami uchun yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
Tashabbusni AQSh senatori Berni Sanders va boshqa progressiv siyosatchilar qoʻllab-quvvatlagan. Demokratlar bu soliq Donald Trampning One Big Beautiful Bill qonuni qabul qilingach, federal moliyalashtirish qisqarishini qoplashga yordam berishini aytgan.
Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom Proposition 40 ga qarshi chiqdi. U va boshqa muxoliflar boy aholi hamda texnologiya sohasi tadbirkorlari shtatni tark etishi, ular bilan birga soliq tushumlari va ish oʻrinlari yaratadigan kompaniyalar ham ketishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ovoz berish arafasida Demokratik partiya yetakchilari va kasaba uyushmalari oʻrtasidagi kelishmovchiliklar sabab tashabbusni qoʻllab-quvvatlash susaydi. Kaliforniyalik milliarderlar, jumladan Google hammuassisi Sergey Brin, soliqka qarshi kampaniyaga chorak milliard dollardan koʻproq mablagʻ sarflashdi. Ular bu chora soliqlarni yanada kengroq oshirishga olib boradigan birinchi qadam boʻlishi va pensiya jamgʻarmalariga taʼsir qilishi mumkinligini taʼkidlashdi.
Proposition 40 ning muvaffaqiyatsizligi Demokratik partiyaning soʻl qanotiga zarba boʻladi. Shu bilan birga, Senat moliya qoʻmitasiga rahbarlik qilishi kutilayotgan Ron Uayden oʻta boylarni soliqqa tortish partiyaning asosiy maqsadlaridan biri boʻlib qolishini aytdi.



