Oʻzbekiston loyihasi COP31da beshta tashabbus qatoridan joy oldi
Oʻzbekistonning Isfara daryosi gidrotexnik koridorining iqlimiy barqarorligini oshirish loyihasi NBS-IA beshtaligiga kirdi. Natijalar Antalyedagi COP31da eʼlon qilindi.

Antalyedagi COP31da NBS-IA xalqaro dasturi tanlovining dastlabki natijalari eʼlon qilindi. Loyiha Markaziy Osiyo va Afrikadan tushgan 109 arizadan tanlandi, deb maʼlum qildi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi boʻyicha Milliy qoʻmita. Beshtalikka Qozogʻiston, Mozambik, Keniya va Jazoir tashabbuslari ham kirdi.
Loyiha Isfara daryosi gidrotexnik koridorini sel toshqinlari, qirgʻoq eroziyasi va kanallar loyqalanishidan himoyalashga qaratilgan. Bu 2026-yil 1-maydagi toshqin irrigatsiya inshootlari, kanallar va yoʻllarning ayrim qismlari, suv xoʻjaligi infratuzilmasi hamda qishloq xoʻjaligi yerlariga zarar yetkazgani sabab dolzarb.
Tashabbus sohilboʻyi oʻrmonzorlar va degradatsiyaga uchragan yaylovlarni tiklash, himoya oʻsimlik polosalarini yaratish hamda qirgʻoqlarni bioinjenerlik usullarida mustahkamlashni koʻzda tutadi. Suvdan 15–40 ming foydalanuvchiga xizmat qiluvchi daryo va kanallarning ustuvor 3–8 km uchastkalarini barqarorlashtirish rejalashtirilgan.
Loyihalash bosqichida texnik yechimlar, qiymat hisoblari, ekologik va ijtimoiy kafolatlar aks etgan investitsiya hujjatlari tayyorlanadi. Tanlov pilot amalga oshirish uchun $500 mingdan $1 mln gacha mablagʻ jalb etishga zamin yaratadi. Loyihani Italiya, Oʻzbekiston va xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi xalqaro konsorsium tayyorlagan.



