Rossiyaga qarshi 2:3 hisobidagi magʻlubiyatdan soʻng Kannavaro: «Biz gʻalabaga juda erta ishondik, aslida esa 98 daqiqaning barchasida oʻynash kerak»
Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Rossiyadan uchralgan 2:3 hisobidagi magʻlubiyatdan soʻng jamoasi oʻyiniga baho berdi.

Italiyalik mutaxassis shogirdlari uchrashuvni munosib oʻtkazgan deb hisoblaydi. Uning soʻzlariga koʻra, ular gʻalabaga vaqtidan oldin ishongani uchun magʻlub boʻlgan.
«Bugun yaxshi oʻynadik. Muammo shundaki, oʻyin tugashidan oldin gʻalaba haqida oʻylay boshladik. Bu biz uchun yaxshi saboq: final hushtagi yangramaguncha, oʻyin tugamaydi. 95–98 daqiqaning barchasida diqqatni jamlash kerak. Baʼzan futbol juda yomon boʻladi», — dedi Kannavaro.
Murabbiy jamoa taktikasini ham tushuntirdi. Uning fikricha, yuqori pressing xavf bilan bogʻliq, chunki himoyachilar yakkama-yakka oʻynashiga toʻgʻri keladi. Shu sababli terma jamoa baʼzan himoya chizigʻini yuqoriga koʻtaradi.
Kannavarodan, shuningdek, Italiya terma jamoasi sardori boʻlish yoki murabbiylik qilishdan qaysi biri qiyinroq ekani soʻraldi. U ikkilanmay murabbiylikni tanladi. «Albatta, murabbiy boʻlish. Jamoaga bogʻliq boʻlasan. Koʻplab jihatlarni kuzatib borishga toʻgʻri keladi, ammo oxir-oqibat hammasini futbolchilarning qanday oʻynashi hal qiladi», — deya javob berdi u.



