Oʻzbekiston delegatsiyasi Italiyada ekologik baholashda sunʼiy intellektdan foydalanishni oʻrgandi
Oʻzbekiston vakillari Rimda ekologik baholashda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanishga bagʻishlangan oʻquv dasturidan oʻtdi.

Dasturda “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat muassasasi direktori hamda ushbu sohada sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalarini joriy etish uchun masʼul mutaxassislar ishtirok etdi. Taʼlim Italiya Atrof-muhit va energetik xavfsizlik vazirligi hamda Atrof-muhitga taʼsirni baholash xalqaro assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Ishtirokchilar Italiyaning ekologik boshqaruv tizimi, atrof-muhitga taʼsirni baholash metodikalari, hududiy monitoring va raqamli infratuzilmasi bilan tanishdi. Alohida sessiyalar ekologik skrining, baholash koʻlamini belgilash, strategik ekologik baholash va ekologik maʼlumotlarni qayta ishlashga bagʻishlandi.
Oʻzbekiston vakillari, shuningdek, Toskana, Marke, Lombardiya va Emiliya-Romanya hududlari tajribasini oʻrgandi. Xususan, chiqindilarni qayta ishlash obyektlarining atrof-muhitga taʼsirini modellashtirish va baholashda sunʼiy intellekt algoritmlaridan foydalanish masalasi koʻrib chiqildi.
Taʼlim yakunlari boʻyicha delegatsiya Italiya yondashuvlarini Oʻzbekistonning milliy ekologik boshqaruv tizimiga moslashtirish imkoniyatlarini aniqlashi kerak. Sunʼiy intellekt ekspertlarni qoʻllab-quvvatlovchi vosita sifatida koʻrilmoqda: u katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish, ekologik xatarlarni aniqlash va qarorlarning asoslanganligini oshirishga yordam beradi.
Dastur doirasida Italiya vazirligi va IAIA oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv memorandumi, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan mintaqaviy hamkorlik, qoʻshma loyihalar, shuningdek, ekologik boshqaruv platformasi va hududlar uchun yagona bilimlar bazasini ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi.
Yana oʻqing

Anthropic rahbari AIga insoniyatni boshqarishni topshirish gʻoyasini rad etdi
Texnologiyalar12:17
Boris Titov BRM kun tartibiga SI, kosmos va madaniyatni qoʻshishni taklif qildi
Texnologiyalar10:49
