Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Jamiyat

Potsdamda Oʻzbekiston OTMlari ishtirokida meros va shaharlar rivoji muhokama qilindi

Potsdam amaliy fanlar universitetida Oʻzbekiston va Germaniya OTMlari ishtirokida konferensiya boʻldi. Unda tarixiy shaharlarni asrash, seysmik xavfsizlik va zamonaviy loyihalar muhokama qilindi.

16-noyabr, 18:19По-русски

Read in English

16 noyabr kuni Potsdamda Oʻzbekiston va Germaniya universitetlari vakillari ishtirokida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Ochilishda Oʻzbekiston elchisi Dilshod Ahatov va Potsdam amaliy fanlar universiteti prezidenti Eva Shmitt-Rodermund qatnashdi.

Oʻzbekiston tomonini Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti, Buxoro davlat universiteti va Buxoro davlat texnika universiteti vakillari taqdim etdi.

Muhokama markazida tarixiy shaharlar va mahallalarni asrash, yangi binolarni mavjud meʼmoriy muhit bilan uygʻunlashtirish, seysmik xavfsizlik hamda infratuzilmani iqlim oʻzgarishlariga moslashtirish masalalari boʻldi. Buxoro va Samarqand misolida mahallalarning anʼanaviy meʼmorchiligi shahar qiyofasi va ijtimoiy jipslikni saqlashdagi ahamiyati koʻrib chiqildi. Shuningdek, Toshkentning modernistik binolarni zamonaviy ehtiyojlarga moslashtirish tajribasi muhokama qilindi.

Alohida taqdimot Toshkentning zilziladan keyingi qayta tiklanishi, ommaviy uy-joy qurilishi va modernizatsiyaning meʼmoriy meros, aholi manfaatlari hamda tarixiy xotiraga taʼsiriga bagʻishlandi. Amaliy qismda binolarni mustahkamlash usullari, ularning zilzilabardoshligini baholash, transport shovqini va iqlimga moslashuv masalalari koʻrib chiqildi.

Ishtirokchilar MasMo loyihasi doirasida mahallalarda «15 daqiqalik shahar» konsepsiyasini tajriba tariqasida joriy etishni muhokama qildi. Shuningdek, 2025 yilda Toshkent, Samarqand va Buxoroda oʻtkazilgan yozgi maktablar natijalari koʻrib chiqildi.

Konferensiyaning taʼlimga bagʻishlangan qismida ochiq resurslar bilan almashish va Toshkent arxitektura-qurilish universiteti bilan Potsdam amaliy fanlar universiteti oʻrtasida dual taʼlim boʻyicha pilot loyihani tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Tashkilotchilar fikricha, uchrashuv madaniy meros va shaharlarning barqaror rivoji sohalarida qoʻshma tadqiqotlar, texnologiyalar almashinuvi hamda yangi loyihalarga koʻmaklashishi mumkin.