Toyota tarixdagi eng qudratli GRMN Corolla uchun oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshladi
Toyota Yaponiyada 304 ot kuchiga ega GRMN Corolla uchun oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshladi. Model cheklangan seriyada ishlab chiqariladi, xaridorlar esa tanlov asosida saralanadi.

Yangi avtomobil Gazoo Racing boʻlinmasi tomonidan odatiy GR-versiya negizida ishlab chiqilgan. Toyota jami 730 ta avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, shundan 190 tasi Yaponiya bozori uchun moʻljallangan. Mamlakatda xetchbekka faqat maxsus ilova orqali buyurtma berish mumkin.
GRMN Corollaʼning Yaponiyadagi narxi 9,8 mln iyenani, joriy kurs boʻyicha esa taxminan 64 ming dollarni tashkil etadi. Biroq bu mablagʻga ega boʻlish avtomobilni sotib olishni kafolatlamaydi: kompaniya tanlov oʻtkazadi va daʼvogarlarni bir nechta mezon, jumladan, oʻzining ichki standartlari asosida baholaydi.
Avtomobildan orqa oʻrindiqlar qatori olib tashlangan. Uning oʻrniga kuzov qattiqligini oshiradigan va mashina massasini 1450 kg gacha kamaytirishga yordam beradigan kuchaytiruvchi toʻsin oʻrnatilgan. Xetchbek takomillashtirilgan turbinali dvigatel, mexanik uzatmalar qutisi va qayta sozlangan toʻliq yuritmaga ega boʻldi. Kuch qurilmasining aylantiruvchi momenti 415 Nm gacha oshirildi.
Uzoq davom etadigan yuklamalar vaqtida quvvatni saqlab qolish uchun muhandislar interkulerga suv purkash tizimi va qoʻshimcha yordamchi radiator qoʻshishdi. Konstruksiyada poyga avtomobillaridan oʻzlashtirilgan yechimlar — bir quvurli amortizatorlar hamda ichki zarba cheklagichlariga ega prujinalar ham qoʻllangan.
Tashqi koʻrinishidan GRMN Corolla yangi aerodinamik detallar, jumladan, old qanotlar, oʻzgartirilgan kapot, yon splitterlar va hujum burchagini sozlash imkoniga ega yirik orqa qanot bilan ajralib turadi. Saloniga kovshsimon oʻrindiqlar oʻrnatilgan.



