XVJ Oʻzbekistonning mintaqadagi savdo-logistika markazi boʻlish istiqbolini baholadi
XVJning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze geografiya va qoʻshnilar bilan aloqalar Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoning savdo-logistika markaziga aylantirish uchun sharoit yaratishini aytdi.

Oʻzbekistondagi Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ)ning doimiy vakili Koba Gvenetadze bu bahoni XVJning Kavkaz va Markaziy Osiyo boʻyicha 2026-yil noyabr oyidagi Mintaqaviy iqtisodiy sharhiga bagʻishlangan davra suhbatida bildirdi.
Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatning mintaqa markazida joylashgani va Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan umumiy chegaraga egaligi yanada yaqin integratsiya uchun sharoit yaratadi. Bu Osiyo va Yevropa oʻrtasidagi savdo yoʻnalishlarini rivojlantirishga yordam berishi mumkin.
Gvenetadze Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻsishi va qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorlikning kengayishi butun mintaqa rivojini qoʻllab-quvvatlashi mumkinligini taʼkidladi. Kutilishicha, savdo aloqalarining mustahkamlanishi kompaniyalarga savdo bozorlarini kengaytirish imkonini beradi, investorlar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi va ishbilarmonlik faolligini ragʻbatlantiradi.
XVJ vakili misol sifatida Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temiryoʻl loyihasini keltirdi. Uning baholashicha, bunday transport yoʻlaklari xalqaro savdo uchun yangi imkoniyatlar ochishi va Markaziy Osiyoning dunyodagi eng yirik bozorlar bilan aloqalarini kuchaytirishi mumkin.



