Fernando Alonso 2027-yilda IndyCar poygasida qatnashmaydi
Fernando Alonso 2027-yil 18-iyul kuni Barselonadagi IndyCar bosqichida qatnashishni rejalashtirmayapti. Bu davrda u Formula-1 va “Dakar”ga eʼtibor qaratadi.

Alonsoning poygada qatnashishi mumkinligi haqidagi muhokamalarga IndyCar piloti Aleks Palouning posti sabab boʻldi. U Las-Vegas Gran-prisida Aston Martin garajiga tashrif buyurgach, Alonso bilan tushgan birgalikdagi suratini joylashtirdi va 18-iyul sanasini koʻrsatdi.
2027-yilda aynan shu kunga “Barselona-Katalunya” trassasida IndyCarʼning ilk bosqichi rejalashtirilgan. Formula-1 taqvimida bu sanaga poyga belgilanmagan, Palou esa avvalroq Alonsoga ushbu poygada qatnashishni ochiq taklif qilgan edi. Biroq mavjud maʼlumotlarga koʻra, ispaniyalik poygachi 2027-yilda Formula-1dagi ishtiroki va “Dakar” ralli-marafoniga eʼtibor qaratmoqchi.



