Sudanda oʻqituvchilar maoshlar pastligi va maktablardagi yomon sharoitlar sabab ish tashlamoqda
Xartum shtati oʻqituvchilari maosh boʻyicha qarzdorlikni toʻlash, daromadlarni oshirish va mehnat sharoitlarini yaxshilashni talab qilib, uchinchi haftadir ish tashlamoqda. Ularning aytishicha, hozirgi maosh hatto kundalik asosiy xarajatlarga ham yetmaydi.

Oʻrta maktab oʻqituvchisi Amal Sulaymon Ahmad al-Haj oyiga 132 000 sudan funti olishini aytdi. Shu bilan birga, maishiy gaz balloni taxminan 170 000 funt turadi. Koʻplab pedagoglar kechqurun qoʻshimcha ishlashga, haq toʻlanmaydigan taʼtilga chiqishga yoki kasbini tark etish haqida oʻylashga majbur boʻlmoqda.
Maktab infratuzilmasining holati ham xavotir uygʻotmoqda. Amal ishlaydigan maktablardan birida sinfxona tomi qulab tushgan. Ish tashlash sababli darslar toʻxtatilgan va bu oʻquvchilarga taʼsir qilmoqda.
Sudan Oʻqituvchilar qoʻmitasi vaqti-vaqti bilan oʻtkaziladigan bir qator norozilik aksiyalarini tashkil qildi. Qoʻmita vakili Sami al-Bakirning maʼlum qilishicha, vazirlar kasaba uyushmalari bilan uchrashganidan soʻng, bosh vazir Kamil Idris mamlakat boʻylab pedagoglarga toʻlanmay qolgan maoshlarni berish haqida topshiriq bergan. Biroq toʻlovlarning batafsil jadvali hozircha taqdim etilmadi, maoshlar va ustamalarni oshirish masalalari esa hal etilmay qolmoqda.
Qoʻmita eng kam ish haqini 12 000 sudan funtidan 500 000 funtgacha oshirishni talab qilmoqda. Pedagoglar, shuningdek, oziq-ovqat uchun beriladigan ustamani oshirish, uy-joy toʻlovlarini joriy etish va davlat xizmatchilarining daromadlari oʻrtasidagi tafovutni kamaytirish uchun kompensatsiya toʻlashni ham talab qilmoqda. BMT maʼlumotlariga koʻra, hozir Sudanda qariyb 8 mln bola maktabga bormayapti.



