2030 yilgacha sotib olib, saqlab turishga arziydigan xotira mikrosxemalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning 2 ta aksiyasi
Sunʼiy intellekt infratuzilmasining rivojlanishi bilan bogʻliq xotira mikrosxemalariga uzoq muddatli talab oʻsishidan Sandisk va Micron foyda koʻrishi mumkin. Har ikki kompaniya tushumlarni oldindan aniqroq rejalashtirish va bozor tebranishlariga qaramlikni kamaytirish maqsadida mijozlar bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzishga oʻtmoqda.

Xotira mikrosxemalari maʼlumotlarni saqlash va hisoblash uchun, jumladan, qattiq holatdagi maʼlumot tashuvchilar hamda maʼlumotlar markazlarida qoʻllanadi. Bu soha anʼanaviy ravishda siklik xususiyatga ega: mahsulotlar narxi talab va taklif nisbatiga bogʻliq. Hozir sunʼiy intellekt infratuzilmasining rivojlanishi xotiraga boʻlgan ehtiyojni oshirmoqda, ishlab chiqarish quvvatlari esa cheklanganicha qolmoqda. Bu narxlar va ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy koʻrsatkichlari oʻsishiga yordam bermoqda.
Sandisk uzoq muddatli shartnomalarga oʻtishni «yangi biznes modeli» deb atamoqda. Micron esa bunday shartnomalar yordamida 2030 yilgacha boʻlgan tushumining qariyb 35 foizini mustahkamladi. Ular ishlab chiqaruvchilarga savdolarni barqarorroq qilish va narxlarning minimal darajasini belgilash imkonini berib, talab pasayishining ehtimoliy oqibatlarini yumshatishi mumkin.
Shu bilan birga, sohada xatarlar saqlanib qolmoqda. Micron investorlarni 2027 va 2028 yillardagi bozor sharoitlari, ehtimol, 2026 yildagidan ham keskinroq boʻlishidan ogohlantirdi. Ishlab chiqaruvchilarning istiqbollari sunʼiy intellekt bumining qancha davom etishiga, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish surʼatlariga va xotira narxlarini yuqori darajada ushlab turish qobiliyatiga bogʻliq boʻladi.



