Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Iqtisodiyot

Xitoy iqtisodiyotidagi sekinlashuv oktabrda kuchaydi: koʻrsatkichlar prognozlardan past

Oktabrda Xitoyda chakana savdo, sanoat ishlab chiqarishi va investitsiyalar tahlilchilar kutganidan past boʻldi. Eksport oʻsdi, ammo ichki talab zaifligicha qolmoqda.

16-noyabr, 10:52По-русски

Read in English

cnbc.com

Oktabrda Xitoyda chakana savdo oʻtgan yilning shu oyiga nisbatan 0,4 foizga, sanoat ishlab chiqarishi esa 4,8 foizga oʻsdi. Har ikkala koʻrsatkich ham tahlilchilar prognozlaridan past chiqdi. Dastlabki 10 oyda asosiy fondlarga, jumladan koʻchmas mulk va infratuzilmaga kiritilgan investitsiyalar 8,1 foizga qisqardi — bu kutilganidan kuchliroq pasayish boʻldi.

Zaif talabga, jumladan, uy xoʻjaliklari farovonligini beshinchi yildirki pasaytirib kelayotgan koʻchmas mulk bozoridagi tanazzul ham sabab boʻlmoqda. Oktabrda umumiy ishsizlik darajasi biroz pasayib, 5,1 foizni tashkil etdi. Talabalar hisobga olinmagan 16–24 yoshdagi odamlar orasida ishsizlik darajasi sentabrda 18 foiz boʻldi va bir yil ichidagi eng yuqori koʻrsatkichga yaqinligicha qoldi.

Shu bilan birga, iqtisodiyot tashqi talabga tobora koʻproq bogʻliq boʻlib bormoqda. Oktabrda eksport 35,2 foizga oʻsdi, bunga texnologiyalar va sunʼiy intellekt uchun uskunalarga boʻlgan jahon talabi yordam berdi. Tahlilchilar kompaniyalarning sunʼiy intellektga xarajatlarini qisqartirishi mumkinligi Xitoyning yetkazib berishlarini susaytirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Tashqi savdo profitsiti oktabrga qadar 1 trln dollarga yetdi — bu ilgari hech qachon kuzatilmaganidan tezroq surʼatdir. Manba bahosiga koʻra, u oʻtgan yilgi 1,2 trln dollarlik rekorddan oshib ketishi mumkin. Yevropa Ittifoqining yangi savdo cheklovlari qoʻshimcha xavf sifatida koʻrilmoqda: Citi Research tahlilchilari bunday choralarni mumkin deb hisoblaydi va taranglik kuchayishini kutmoqda.