Oʻzbekistonda davlat xaridlari yagona platformada birlashtirilib, uch yillik rejalashtirish joriy etiladi
2027-yil 1-yanvardan Oʻzbekistonda davlat xaridlarining uch yillik rejalari eʼlon qilina boshlaydi. Barcha davlat buyurtmalari yagona platformaga jamlanadi.

Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni elektrotexnika sohasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda yillik hajmi elektrotexnika mahsulotlari boʻyicha 10 trln soʻmni tashkil etadigan davlat xaridlari tizimidagi oʻzgarishlar haqida maʼlum qilindi.
Avval yetkazib beruvchilar davlat korxonalarining buyurtmalarini toʻrtta-beshta alohida platformadan izlashiga toʻgʻri kelardi. Endi davlat buyurtmalari yagona tizimda aks ettiriladi.
2027-yil 1-yanvardan xarid rejalari uch yilga oldindan eʼlon qilina boshlaydi. Bu tadbirkorlarga kelajakdagi talabni baholash, ishlab chiqarishni kengaytirish, uskunalar xarid qilish va investorlarni jalb etish imkonini beradi.
Shuningdek, tovarlarni tanlash tamoyilini oʻzgartirish rejalashtirilmoqda. Buyurtmachilar xarid narxinigina emas, balki mahsulotning butun xizmat muddati davomida yuzaga keladigan xarajatlarni ham hisobga oladi: elektr energiyasi sarfi, taʼmirlash, texnik xizmat koʻrsatish va foydalanish xarajatlarini.
Bunga quvvati 40 kVt boʻlgan ikkita transformator misol qilib keltirildi. Import qilingan variant mahalliy mahsulotdan 400 ming soʻm arzon boʻlgan, biroq u elektr energiyasini 10 foiz koʻproq sarflagan, ekspluatatsiya davridagi taʼmirlash xarajatlari esa toʻrt baravar yuqori boʻlgan. Bunday yondashuv egalik qilishning toʻliq qiymatini baholash yoki life cost deb ataladi.



