Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev The Muslim 500 reytingida 40-oʻrinni egalladi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev The Muslim 500 reytingida ilk bor 40-oʻrinni egalladi. Siyosatchilar va davlat rahbarlari orasida u 18-oʻrinni qayd etdi.

13-noyabr, 16:58По-русски

Read in English

The Muslim 500 nashrining yangi sonida Shavkat Mirziyoyev ilk bor dunyoning eng nufuzli 50 musulmoni qatoridan joy oldi. Avvalroq uning nomi alohida oʻrinlar berilmagan 450 nafar ishtirokchi kiritilgan roʻyxatda bor edi.

Reyting tuzuvchilari prezidentning reytingdagi oʻrnini iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va tashqi savdoning oʻsishi bilan bogʻlagan. Shuningdek, ular taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi islohotlarni hamda paxtachilikda tizimli majburiy mehnatga barham berilganini qayd etgan.

Nashrda Oʻzbekistonning mintaqaviy siyosati ham alohida baholangan. Reyting mualliflarining fikricha, Shavkat Mirziyoyev davrida mamlakat Markaziy Osiyodagi qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni tikladi va mintaqaviy hamkorlikda faolroq ishtirok eta boshladi.

Qayd etilgan boshqa yoʻnalishlar qatorida islomiy taʼlimni qoʻllab-quvvatlash va diniy yodgorliklarni tiklash ham bor. Jumladan, tuzuvchilar Imom al-Buxoriy va Imom Moturidiy majmualarini tilga olgan.

The Muslim 500 reytingini Amman Qirollik Islom strategik tadqiqotlar markazi 2009 yildan buyon nashr etib keladi. Mualliflar roʻyxatga kiritilish undagi ishtirokchilarning qarashlari yoki xatti-harakatlari maʼqullanganini anglatmasligini taʼkidlaydi. Tuzuvchilarning maqsadiga koʻra, reyting turli mamlakatlardagi musulmon jamoalariga kimlar eng katta taʼsir koʻrsatayotganini aks ettiradi.