Oʻzbekiston va Ozarbayjon qoʻshma shtab mashgʻulotlarini 100 dan ortiq harbiy bilan oʻtkazmoqda
Oʻzbekiston va Ozarbayjon harbiylari 100 dan ortiq kishi ishtirokidagi «Məharət — IV» qoʻmondonlik-shtab mashgʻulotlarini oʻtkazmoqda. Ular 28 noyabrgacha davom etadi.

Mashgʻulotlar Harbiy boshqaruv instituti Harbiy oʻyinlar markazida oʻtkazilmoqda. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi maʼlumotiga koʻra, tadbir 2026 yilga moʻljallangan ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasi doirasida tashkil etilgan.
Ishtirokchilar kompyuter texnologiyalari yordamida boʻlinmalarni boshqarish, operatsiyalarni rejalashtirish va shtablar faoliyatini mashq qilmoqda. Harbiylar, shuningdek, turli vaziyatlarda qarorlar qabul qilib, jangovar tayyorgarlik tajribasi bilan almashmoqda.
Mashgʻulotlarning asosiy vazifasi ikki mamlakat boʻlinmalari oʻrtasidagi hamkorlikni yaxshilashdan iborat. Qoʻmondonlarning koʻnikmalari va birgalikdagi ish samaradorligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.



