Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Iqtisodiyot

Koreya kompaniyalari Oʻzbekistondagi raqamli loyihalar va kadrlar tayyorlash jarayonlariga qoʻshilishi mumkin

Koreya Respublikasiga tashrifi chogʻida Senat raisi Tanzila Narbayeva biznes vakillari va davlat idoralari rahbarlari bilan uchrashdi. Tomonlar raqamli iqtisodiyot, bandlik va tadbirkorlik sohalarida loyihalarni rivojlantirishga tayyor.

13-noyabr, 18:25По-русски

Read in English

Koreya Respublikasiga rasmiy tashrifi chogʻida Tanzila Narbayeva biznes vakillari, raqamli kompaniyalar hamda Bandlik va mehnat vaziri Kim Yung Hun bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Janubiy Koreya Tadbirkor ayollar assotsiatsiyasi raisi Pak Chan Suk bilan uchrashuvda ikki mamlakat ishbilarmon ayollari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Assotsiatsiya 3,5 millionga yaqin tadbirkor ayolni birlashtiradi. The Skin, Sooho Global va Metal Heater Solution kompaniyalari kosmetika sanoati, eksport, marketing, suv taʼminoti va ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik qilishni taklif qildi.

Narbayeva NAVER Corporation va Kakao Corporation vakillari bilan ehtimoliy qoʻshma loyihalarni muhokama qildi. Suveren sunʼiy intellekt, elektron toʻlovlar, raqamli davlat xizmatlari va startaplarni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Koreya kompaniyalari Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyot rivojlanayotganini va yosh mutaxassislarning salohiyatini qayd etdi. Ular bunday hamkorlik imkoniyatlarini bosqichma-bosqich oʻrganishga tayyor ekanini bildirdi.

Tomonlar, shuningdek, bandlik, mehnat migratsiyasi va Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalarini koʻrib chiqdi. Ehtimoliy yoʻnalishlar qatoridan Koreya kompaniyalarini jalb etish, ish beruvchilar talablariga mos kadrlar tayyorlash va ochiq tanlov asosida ishga joylashtirish oʻrin oldi. Bundan tashqari, BMTning Global akselerator tashabbusi doirasida norasmiy bandlikni qisqartirish, ijtimoiy himoya va yoshlarni kasbga tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Koreya tomoni Janubiy Koreyada ishlayotgan oʻzbekistonliklarning mehnat huquqlarini himoya qilish, tibbiy sugʻurtasi va kompensatsiya toʻlovlari masalalarida yordam berishga tayyorligini bildirdi.