Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Iqtisodiyot

Oʻzbekistondagi Rossiya IT sarmoyalari ikki yilda uch baravar oshdi

Rossiyaning Oʻzbekiston IT sektoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari ikki yilda uch baravar oshib, $320 mln ga yetdi. Vakolatxonasi bor Rossiya IT kompaniyalari 47 taga yetdi.

12-noyabr, 14:01По-русски

Read in English

«Milliy strategik tahlil va iqtisodiyotni rivojlantirish instituti» avtonom notijorat tashkiloti bosh direktori Kirill Petrov Rossiya va Oʻzbekiston hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlari sifatida sanoatni raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy etishni koʻrsatdi.

Petrovning aytishicha, 2025 yil yakunlariga koʻra, raqamli yechimlar va sunʼiy intellekt texnologiyalari savdosi hajmi $210 mln ga yetib, bir yil ichida 64 foizga oshgan. U bunday ishlanmalarga talabning oʻsishini respublika sanoatining rivojlanishi bilan bogʻladi.

Mutaxassis bunga misol qilib Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini keltirdi. Uning Raqamli boshqaruv markazida sunʼiy intellekt asosidagi tizim ishlaydi. Tizim uchta mis boyitish fabrikasidagi jarayonlarni nazorat qiladi va 20 mingdan ortiq uskuna birligidan keladigan maʼlumotlarni tahlil qiladi. «Raqamli AGMK – 2030» strategiyasi doirasida raqamlashtirish loyihalari, jumladan, qazish ishlari uchun maqbul yoʻnalishlarni mustaqil belgilaydigan «Raqamli kon» tizimi amalga oshirilmoqda.

Petrovning fikricha, rossiyalik muhandislar Oʻzbekiston korxonalari va energetika sektoriga oʻz texnologik ishlanmalarini taklif qilishi mumkin. Uning bahosiga koʻra, Oʻzbekiston yaqin besh yil ichida energetika majmuasini rivojlantirishga $4 mlrd dan ortiq mablagʻ kiritmoqchi. Ekspert buni raqamlashtirish va sunʼiy intellektdan foydalanish sohasidagi hamkorlik uchun qoʻshimcha imkoniyat deb hisoblaydi.

Rossiya Oʻzbekistonning savdo hajmi boʻyicha ikkinchi yirik hamkori boʻlib qolmoqda: respublikaning tashqi savdo aylanmasida uning ulushi 16,6 foizni tashkil etadi. Texnologik hamkorlik qoʻshma ishlab chiqarishlar, logistika loyihalari va anʼanaviy savdo bilan bir qatorda rivojlanmoqda.