Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Texnologiyalar

Proximal Ventures jamgʻarmasi farmatsevtikada sunʼiy intellektni rivojlantirishga $27,5 mln yoʻnaltiradi

Proximal Ventures jamgʻarmasi $27,5 mln jalb qildi va bu mablagʻni dori vositalari hamda farmatsevtika xizmatlarini ishlab chiqishda sunʼiy intellektdan foydalanadigan startaplarga yoʻnaltiradi.

12-noyabr, 16:28По-русски

Read in English

techcrunch.com

Proximal Ventures asoschisi Sahir Rauf kapitalni ilk bor jalb qilayotgan fond menejerlari uchun bozor murakkab kechayotgan bir paytda birinchi fondi uchun kapital toʻpladi. Bungacha u SignalFireʼda investor boʻlib ishlagan, ikkita tibbiyot startapida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan, shuningdek, Iterative Health va Flatiron Health kompaniyalarida biznesni rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan.

Jamgʻarma pre-seed va seed bosqichidagi kompaniyalarga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bitta sarmoya miqdori $500 000 dan $1,5 mln gacha boʻladi. Proximal Ventures allaqachon oltita startapni qoʻllab-quvvatladi. Ular orasida OpenAIʼning sobiq rahbari Fidji Simo hammuassisiga aylangan ChronicleBio ham bor. Kompaniya surunkali kasalliklarni oʻrganish va davolashning ehtimoliy usullarini izlash uchun biologik hamda tibbiy maʼlumotlarni tahlil qilishda sunʼiy intellektdan foydalanadi.

Raufning fikricha, sunʼiy intellekt farmatsevtika kompaniyalari hozirda ixtisoslashgan pudratchilarga topshirayotgan vazifalarning katta qismini avtomatlashtirishi mumkin. Bunga molekulyar birikmalarni sintez qilish, dori vositalari ishlab chiqarishni kengaytirish va klinik tadqiqotlar maʼlumotlarini tahlil qilish kiradi. Uning bahosiga koʻra, startaplar bunday xizmatlarni arzonroq va tezroq koʻrsatishi, bunda farmatsevtika sohasi ushbu xizmatlarga sarflayotgan mablagʻlardan foydalanishi mumkin.

Jamgʻarma investorlari qatoridan SignalFire, Kleiner Perkins, Bertelsmann Healthcare Investments, shuningdek, Dimension Capital hammuassislari Nan Li va Zavayn Dar oʻrin olgan. Jamgʻarmaga Highlander Health hammuassisi va FDAʼning sobiq komissar oʻrinbosari Emi Aberneti ham sarmoya kiritdi. U Raufning ishbilarmonlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va sogʻliqni saqlash tizimidagi muammoli nuqtalarni aniqlash borasidagi tajribasini qayd etdi.