Oʻzbekistondagi fandomatlar faoliyatining birinchi oyida aholiga 2,4 mln soʻm toʻladi
Fandomatlar faoliyatining birinchi oyida Oʻzbekiston aholisi topshirgan idishlari uchun toʻlov oldi. Pilot loyiha plastik, shisha va alyuminiyni qabul qiladi.

Oʻzbekistonda pilot loyiha doirasida birinchi oyda fandomatlar orqali plastik butilkalar, alyuminiy bankalar va shisha idishlar qabul qilindi. Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi maʼlumotlariga koʻra, fuqarolarga toʻlangan mablagʻ 2,41 mln soʻmni tashkil etdi.
Yigʻilgan ikkilamchi xomashyoning asosiy qismini plastik butilkalar tashkil etdi — 14 899 dona. Bundan tashqari, 1289 ta alyuminiy banka va shisha idishlar keyinchalik saralash hamda qayta ishlash uchun qabul qilindi.
Loyiha sentabr oyida ishga tushdi. Agentlik uni chiqindilarni avtomatlashtirilgan tarzda yigʻish va saralash bilan shugʻullanuvchi Norvegiyaning TOMRA kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.
Topshirilgan har bir idish uchun 150 soʻm toʻlanadi. Mablagʻni Click elektron hamyoniga oʻtkazish yoki xayriya uchun yoʻnaltirish mumkin. Agentlikdagilar fandomatlar koʻchalarda va poligonlarda toʻplanadigan chiqindilar hajmini kamaytirib, aholining ekologik madaniyatini oshirishga yordam beradi, deb hisoblamoqda.



