Tekshiruvlar fonida Jensen Huang tarafdorlari uni Nvidiaʼga qaytarishga urinmoqda
Nvidia sobiq bosh direktori Jensen Huang ittifoqchilari uni qaytarish uchun «tezkor shtab» tuzdi. AQSh moliya vaziri Scott Bessent Xitoyga chip yetkazib berish boʻyicha javob talab qildi.

Kampaniyani maqolani tayyorlash paytiga kelib 175 000 ta imzo toʻplagan petitsiya qoʻllab-quvvatlamoqda. Uni qoʻllab-quvvatlovchilar orasida Tesla va SpaceX rahbari Elon Musk, Epic Games bosh direktori Tim Sweeney, Atoms bosh direktori va Uber hammuassisi Travis Kalanick, shuningdek, Nvidiaʼning minglab xodimlari bor.
UBS tahlilchisi Timothy Arcuri bahosiga koʻra, Nvidiaʼning muvaqqat bosh direktori Colette Kress investitsiyalarni qisqartirishi bozordan 50 mlrd dollardan koʻproq mablagʻni chiqarib yuborishi mumkin. Bunga misol sifatida Nscale loyihasi keltirilmoqda: kompaniya Gʻarbiy Virjiniyada Anthropic uchun maʼlumotlar markazi qurishga Nvidia va boshqa ishtirokchilarning moliyaviy koʻmagiga umid qilmoqda.
Bessent Huang rahbarlik qilgan davrda Nvidia AQShning Xitoyga chip yetkazib berish taqiqiga rioya qilgan-qilmaganiga shubha bildirdi. U Fox News efirida kompaniya cheklovlarni chetlab oʻtish uchun qobiq kompaniyalardan foydalangan boʻlishi mumkinligini taxmin qildi va direktorlar kengashi hamda tashqi yuristlardan 10 kun ichida javob kutayotganini aytdi.
Moliya vaziri Nvidia savdolarni hisobga olish amaliyotini ham shubha ostiga qoʻydi. U Xitoyga sotuvlar kamaygan bir paytda Singapurda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalar orqali yetkazib berishlar oshganiga eʼtibor qaratdi. Nvidia oʻtgan yili Singapur boʻyicha maʼlumotlarni alohida oshkor qilishni toʻxtatgan.
Huangning qaytishi Nvidiaʼning Xitoy bilan bogʻliq kompaniyalar bilan aloqalariga doir boshqa tekshiruvlarni toʻxtatmagan boʻlardi. Bloomberg maʼlumotiga koʻra, 2026 yil iyulida Tayvandagi kompaniya xodimiga sunʼiy intellekt chiplari Xitoyga kontrabanda qilinishiga koʻmaklashgani uchun ayblov qoʻyilgan. Kongressdagi ayrim savollar AQSh savdo vaziri Howard Lutnickka ham qaratilishi mumkin.



