Oʻzbekiston investorlar va ishlab chiqaruvchilar uchun xizmatni ishga tushirdi
Oʻzbekistonda investorlar mahalliy yetkazib beruvchilarni izlaydigan, ishlab chiqaruvchilar esa tovar va quvvatlarini taklif qiladigan platforma ishga tushirildi.

Oʻzbekiston Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi investorlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bogʻlash uchun platformani ishga tushirdi. Unda texnik xususiyatlar va sertifikatlarga ega tovarlar katalogi, shuningdek, ishlab chiqarish maydonlari, quvvatlari va yetkazib berish imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar kiritilgan korxonalar reyestri mavjud.
Investor mahsulotni mustaqil tanlashi yoki alohida resurs orqali ariza yuborishi mumkin. Arizada loyiha, hudud, zarur tovarlar, hajmlar, talablar va yetkazib berish muddatlari koʻrsatiladi. Tekshiruvdan soʻng ariza tegishli tarmoq tashkilotiga yuboriladi va u korxonalar bilan bogʻlanadi. Saralash yetti ish kunigacha davom etadi, shundan keyin arizachi shaxsiy kabinetida kompaniyalar roʻyxatini oladi.
Ishlab chiqaruvchilar tovarlari, quvvatlari va sertifikatlari haqidagi maʼlumotlarni joylashtirishi, buyurtma berilganda esa narx va yetkazib berish muddatlarini aniqlashtirishi mumkin. Platformada sanoat kooperatsiyasi xaritasi va virtual koʻrgazma ham ishlaydi. Katalogda 46 mingdan ortiq korxona, jumladan, 36 mingta ishlab chiqaruvchi hamda qariyb 80 mingta tovar pozitsiyasi roʻyxatdan oʻtgan. Kelgusida davlat xaridlari, lotlar va shartnomalar haqidagi maʼlumotlarni qoʻshish rejalashtirilmoqda.



