Moliyaviy farovonlik uchun «muvaffaqiyat formulasi»: olimlar nimalarni aniqladi
Buyuk Britaniya va Norvegiya mutaxassislari oʻtkazgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, vijdonlilik moliyaviy muvaffaqiyat bilan boshqa shaxsiy xususiyatlarga qaraganda kuchliroq bogʻliq, xavotir esa bunga xalaqit berishi mumkin.

Buyuk Britaniya va Norvegiya mutaxassislari shaxsiy xususiyatlarning daromad va moliyaviy farovonlik bilan qanday bogʻliqligini oʻrgandi. Tadqiqotda 31 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan 3000 dan ortiq kishi qatnashdi.
Ishtirokchilar «Katta beshlik» testidan oʻtdi va daromadlari, jamgʻarmalari hamda investitsiyalari haqidagi maʼlumotlarni tadqiqotchilarga taqdim etdi. Shuningdek, taʼlim darajasi, yosh va yashash joyi ham hisobga olindi.
Ushbu metodika shaxsiyatning besh xususiyatini baholaydi. Ekstraversiya kirishimlilik, faollik va tashabbuskorlikni; xayrixohlik esa hamdard boʻlish va munosabatlar oʻrnatish qobiliyatini anglatadi. Vijdonlilik rejalashtirish, masʼuliyat va tartiblilik bilan bogʻliq. Nevrotizm xavotir va hissiy beqarorlikni ifodalaydi, yangilikka ochiqlik esa bilimga qiziqish, kreativlik va oʻzgarishlarga tayyorlikni bildiradi.
Tadqiqotchilar moliyaviy natijalar uchun eng muhim xususiyat sifatida vijdonlilikni qayd etdi. Yuqori darajadagi oʻzini-oʻzi nazorat qilish va yaxshi tashkilotchilikka ega odamlar, hatto oliy maʼlumot diplomi boʻlmasa ham, odatda moliya sohasida koʻproq muvaffaqiyatga erishadi.
Ahamiyati boʻyicha ikkinchi xususiyat ekstraversiya boʻldi. Faol va muloqotga kirishuvchan odamlar ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatishi va oʻsish imkoniyatlarini payqashi osonroq. Biroq faqat kirishimlilikning oʻzi yuqori daromadni kafolatlamaydi.
Tahlil natijalariga koʻra, moliyaviy barqarorlik bilan bogʻliq eng katta qiyinchiliklarga nevrotizm darajasi yuqori boʻlgan odamlar duch keladi. Xavotir va hissiy beqarorlik qaror qabul qilish, karyera rivoji hamda pulni boshqarishni qiyinlashtirishi mumkin.
Olimlar moliyaviy farovonlik jinsga deyarli bogʻliq emasligini va ijtimoiy kelib chiqish bilan faqat kuchsiz darajada aloqador ekanini taʼkidladi. Ular eng muhim omillar qatorida shaxsiy intizom, maqsadga intiluvchanlik va strategik fikrlashni koʻrsatdi: bu fazilatlar ham pul topishga, ham mablagʻlarni boshqarishga yordam beradi. Aksincha, impulsivlik va oʻziga ishonchsizlik moliyaviy oʻsishni sekinlashtirishi mumkin.



