Oʻzbekiston Prezidenti Turkiya vitse-prezidenti bilan uchrashdi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni Toshkentda Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmazni qabul qildi. Hamkorlik, savdo, investitsiyalar va yangi kelishuvlar muhokama qilindi.

Toshkentda 19 noyabr kuni tomonlar Oʻzbekiston-Turkiya har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Turkiya delegatsiyasi Oʻzbekiston rahbariga Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻanning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Asosiy eʼtibor sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish, axborot texnologiyalari, turizm, transport va energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratildi. Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarning ijobiy dinamikasi qayd etildi: oʻzaro savdo hajmi va qoʻshma korxonalar soni oshib bormoqda.
Tomonlar Biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Oliy kengash masalasini ham muhokama qildi. Toshkentda ayni kuni boʻlib oʻtgan uning birinchi yigʻilishida investitsiya loyihalari va savdo boʻyicha yangi kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, 200 dan ortiq yetakchi kompaniya va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokidagi biznes-forum yakunlariga yuqori baho berildi. Uchrashuv qatnashchilari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va boʻlajak tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan fikr almashdi.



