Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlariga iqlim integratsiyasi modelini taklif qildi

Oʻzbekiston Prezidenti Antaliyada boʻlib oʻtgan 31-iqlim konferensiyasida Markaziy Osiyo davlatlari uchun maʼlumotlar, texnologiyalar va moliyalashtirish almashinuvini nazarda tutuvchi iqlim integratsiyasi modelini taklif qildi.

13-noyabr, 11:36По-русски

Read in English

Sessiyada Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlikni uch yoʻnalishdan boshlashni taklif qildi. Birinchi yoʻnalish — Jahon meteorologiya tashkiloti koʻmagida iqlim xatarlari haqida maʼlumot almashish va tabiiy ofatlardan erta ogohlantirish tizimini yaratish. Kelgusida davlatlar sekin rivojlanadigan tabiiy ofatlarni birgalikda kuzatishi mumkin.

Ikkinchi yoʻnalish tuproqni tiklash, qurgʻoqchil hududlarda uglerodni yutish va chang-qum boʻronlariga qarshi kurashish texnologiyalari bilan bogʻliq. Oʻzbekiston har yili oʻtkaziladigan «EKO-EKSPO» koʻrgazmasini mintaqadagi ekologik yechimlar uchun doimiy investitsiyaviy va texnologik maydonga aylantirmoqchi.

Uchinchi yoʻnalish — moliyalashtirish. Prezident taraqqiyot banklari va maqsadli jamgʻarmalar bilan birgalikda imtiyozli grantlarni, shuningdek, «koʻk» va «arid» moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 35 foizga kamaytirish maqsadiga muddatidan oldin erishganini ham maʼlum qildi. Yangi maqsad — ularni 2035-yilgacha 50 foizga qisqartirish. Toʻrt yildan keyin mamlakatda qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan energiya generatsiyasi ulushi 54 foizga yetishi kerak.

Prezidentning soʻzlariga koʻra, oʻn yil ichida iqtisodiyotning suv sigʻimi deyarli ikki baravar kamaygan, suvni tejovchi texnologiyalar esa sugʻoriladigan yerlarning 60 foizidan ortigʻini qamrab olgan. 2050-yilgacha Oʻzbekiston aholisining toʻrtdan uch qismi tabiatni markazga qoʻygan taʼlim olishi kerak. Kelasi yildan mamlakat Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raislikni ham qabul qiladi.