Toshkent aeroportida olib kirilgan telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvi vaqtincha toʻxtatildi
Bojxona qoʻmitasi chetdan olib kirilgan mobil qurilmalarni rasmiylashtirishdagi tanaffusni tasdiqladi. Tekshiruv 30 kungacha davom etishi va uni pulli tezlashtirish haqidagi maʼlumotlar tasdiqlanmadi.

Yoʻlovchilar Toshkent xalqaro aeroporti orqali olib kirayotgan mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvi vaqtincha toʻxtatildi. Qaror IMEI tekshiruvi tartibiga aniqlik kiritish va telefonlarning qonuniy olib kirilganini tasdiqlash zarurati bilan bogʻliq.
Bojxona qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, bojxona toʻlovlarini toʻlamasdan smartfon olib kirishga urinishlar koʻpaygan. Buning uchun soxta IMEI-kodlar, boshqa qurilmalarga tegishli identifikatorlar yoki bir telefon maʼlumotlaridan bir nechta qurilmani qonuniylashtirish uchun foydalanilmoqda.
2026 yil boshidan buyon «Toshkent-AERO» kompleksi shunday 185 ta holatni aniqladi. Jami qiymati 8,8 mlrd soʻm boʻlgan 1 185 ta mobil qurilmaning noqonuniy olib kirilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Tekshiruv vaqtida IMEI-1 va IMEI-2 bitta telefonga tegishlimi, shuningdek, bu identifikatorlar avval mobil tarmoqlarda ishlatilganmi, aniqlanishi kerak. Qoʻmitada bunday ish maxsus bilim va alohida tekshiruv mexanizmini talab qilishi qayd etildi.
Hozirda idora boshqa tashkilotlar bilan birgalikda yagona harakat tartibini kelishmoqda. Shundan soʻng bojxona rasmiylashtiruvini belgilangan tartibda davom ettirish rejalashtirilmoqda. Yoʻlovchilarga faqat rasmiy xabarlarga tayanish, savollar yoki korrupsiyaga oid shubhalar boʻlsa, 11-08 ishonch telefoniga murojaat qilish tavsiya etildi.



