Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Jamiyat

Oʻzbekiston jamoatchilik diplomatiyasi «GPDNet» xalqaro tarmogʻiga bir ovozdan qabul qilindi

Oʻzbekiston Dohada oʻtgan tarmoqning 11-Bosh assambleyasi yakuniga koʻra GPDNetning toʻlaqonli aʼzosiga aylandi. Barcha ishtirokchi davlatlar qoʻshilishni qoʻllab-quvvatladi.

9-noyabr, 15:46По-русски

Read in English

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi direktorining oʻrinbosari Valijon Xoshimov ishtirok etdi.

Mamlakatning tarmoqqa qoʻshilishi masalasi Oʻzbekistonning Qatardagi elchixonasi va Markazning birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli assambleya kun tartibiga kiritildi. GPDNet 2014-yilda tashkil etilgan boʻlib, jamoatchilik va madaniy diplomatiya sohalaridagi hamkorlikka koʻmaklashib, 29 davlatni birlashtiradi.

Assambleyada Oʻzbekiston tomoni tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishlari, jamoatchilik diplomatiyasi sohasidagi vazifalar, shuningdek, Markazning loyihalari va xalqaro tashabbuslarini taqdim etdi. Ishtirokchilar Markazning tarmoq aʼzosi boʻlgan mamlakatlardagi tegishli muassasalar bilan hamkorlik qilish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Toʻlaqonli aʼzolik Oʻzbekistonning xalqaro jamoatchilik diplomatiyasidagi ishtirokini kengaytirish, milliy tashabbuslarni ilgari surish hamda Markazning xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini mustahkamlash imkonini beradi.