Oʻzbekistonning 20 dan ortiq jamoasi ICPC 2026ning keyingi bosqichiga yoʻllanma oldi
Hududiy tanlov yakunlariga koʻra, 20 dan ortiq jamoa Qozogʻistonda oʻtkaziladigan «Shimoliy Yevroosiyo» bosqichida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi. Birinchi uch oʻrinni Tashkent UIT, Tashkent branch of MSU va New Uzbekistan University jamoalari egalladi.

International Collegiate Programming Contest (ICPC) talabalar oʻrtasidagi sport dasturlash boʻyicha dunyoning yetakchi musobaqalaridan biri hisoblanadi. Ishtirokchilar murakkab algoritmik masalalarni yechish, maʼlumotlarni qayta ishlash va samarali dasturiy yechimlar yaratish boʻyicha bellashadi. Yuqori natijalarga erishish uchun dasturlash tillari va algoritmlarni bilishning oʻzi kifoya qilmaydi — jamoada hamjihatlik bilan ishlash, vazifalarni taqsimlash va cheklangan vaqt ichida maqbul yechimlarni topish qobiliyati ham muhim.
ICPC Uzbekistanning hududiy bosqichida gʻoliblar hamda Qozogʻistonda musobaqadagi ishtirokini davom ettiradigan jamoalar aniqlandi. Ular «Shimoliy Yevroosiyo» bosqichida mintaqaning eng kuchli talaba jamoalari bilan bellashadi. Uni oʻtkazishning aniq sanasi hozircha koʻrsatilmagan.
Birinchi oʻrinni Attack on Contest: THE LAST ATTACK jamoasi bilan Tashkent UIT egalladi. Ikkinchi oʻrinni One Last Plov jamoasi bilan Tashkent branch of MSU, uchinchi oʻrinni esa Three Dinosaurs jamoasi bilan New Uzbekistan University oldi. Jami toʻqqizta eng yaxshi jamoa sovrin bilan taqdirlandi.
Gʻolib jamoa ishtirokchilariga MacBook Pro, ikkinchi oʻrinni egallaganlarga iPad Pro, uchinchi oʻrinni egallaganlarga esa iPad Air berildi. Toʻrtinchi oʻrindan toʻqqizinchi oʻringacha boʻlgan jamoalar Fitbit qurilmalarini oldi.



