Oʻzbekistonda sil kasalligidan oʻlim 10 yilda 75 foizga kamaydi
JSST maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 2025-yilda sil kasalligidan oʻlim darajasi 2015-yildagidan kamida 75 foizga past boʻlgan.

Bunday natija JSSTning yangi global hisobotida qayd etilgan. Oʻlim darajasini 75 foizga kamaytirish silga qarshi global strategiyaning maqsadli koʻrsatkichlaridan biridir.
2025-yilda butun dunyoda 10,6 mln kishi sil bilan kasallangan, yana 1,13 mln bemor kasallik oqibatlaridan vafot etgan. 2015–2025-yillarda sil kasalligidan global oʻlim darajasi 35 foizga, kasallanish esa 14 foizga kamaygan.
JSST bahosiga koʻra, 2000-yildan buyon davolash orqali qariyb 86 mln kishining hayotini saqlab qolishning imkoni boʻlgan. Shunga qaramay, sil hamon aholi salomatligiga jiddiy tahdid boʻlib qolmoqda.
Mutaxassislarni, ayniqsa, dorilarga chidamli sil xavotirga solmoqda. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda bunday holatlar ulushi nisbatan yuqori darajada qolmoqda. JSST profilaktikani kuchaytirish, erta tashxis qoʻyishni kengaytirish va bemorlarning samarali davolanish imkoniyatini taʼminlashga chaqirdi.



