Toshkentdagi Farhod koʻchasida svetoforlar “yashil toʻlqin” asosida sozlandi
Farhod koʻchasining 1,8 km qismida yetti svetoforning rejimlari oʻzgartirildi: tigʻiz vaqtdan tashqarida yoʻl bosish vaqti 6,5 daqiqadan 4 daqiqagacha qisqardi.

Yoʻl harakatini boshqarish markazi Kichik halqa yoʻlidan Katta Hirmontepa koʻchasigacha boʻlgan qismdagi svetoforlarning sutkalik ish rejalarini yangiladi. Sozlamalarda kunning turli vaqtlaridagi transport oqimi yoʻnalishi hisobga olingan.
07:00 dan 10:00 gacha Kichik halqa yoʻliga tomon harakatlanishga ustuvorlik berildi. 10:00 dan 07:00 gacha esa Katta Hirmontepa koʻchasiga yoʻnalayotgan avtomobillarga ustunlik berildi.
Mutaxassislar har bir uchastka uchun harakat jadalligi va chorrahalarning yuklanganlik darajasini hisobga olgan holda rejimlarni alohida tanlamoqda. Vaziyatga qarab, ular “yashil toʻlqin”ni qoʻllaydi yoki svetoforlar ishini tuzatadi. Toshkentda harakatni optimallashtirish davom etmoqda.



