Toshkentning sakkiz tumaniga prokurorlar tayinlandi
Toshkent shahar prokuraturasi shaharning sakkiz tumaniga prokurorlar tayinlanganini maʼlum qildi. Ular avval boshqa tuman va viloyatlarda ishlagan.

Toshkent shahar prokuraturasi matbuot xizmati shaharning sakkiz tumaniga prokurorlar tayinlanganini maʼlum qildi.
Mirzo Ulugʻbek tumaniga avval Yunusobod tumani prokuraturasini boshqargan Yahyo Abdugʻaniyevich Abdurahmonov rahbar boʻldi. Yakkasaroy tumani prokurori etib avval Olmazor tumanida ishlagan Ahror Gʻaniyevich Ahunov tayinlandi.
Olmazor tumani prokurori Abdurahim Akramjon oʻgʻli Muhiddinov boʻldi. Tayinlovga qadar u Bosh prokuraturaning yoqilgʻi-energetika sohasidagi qonunchilik ijrosini nazorat qiluvchi boshqarmasini boshqargan.
Yashnobod tumaniga avval Qoraqalpogʻiston prokurorining birinchi oʻrinbosari boʻlgan Oybek Rajabboy oʻgʻli Shamuratov rahbar boʻldi. Chilonzor tumani prokurori etib avval Samarqand viloyati prokurorining birinchi oʻrinbosari boʻlib ishlagan Sarvar Toʻxtamurodovich Bazarov tayinlandi.
Yunusobod tumaniga avval Buxoro viloyati prokurorining oʻrinbosari boʻlgan Ibrohim Asatovich Rasulov rahbar boʻldi. Sergeli tumani prokurori etib avval Qashqadaryo viloyati prokurorining birinchi oʻrinbosari boʻlib ishlagan Sirojiddin Buriyevich Fayziyev tayinlandi.
Mirabad tumaniga Qobiljon Numonovich Ahmadjanov rahbar boʻldi. U avval Namangan viloyati prokurorining oʻrinbosari boʻlgan.



