Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Madaniyat

Nicole Kidmanga faxriy «Sezar»

Fransiya kino akademiyasi Nicole Kidmanga kinoga qoʻshgan hissasi uchun faxriy «Sezar» beradi. Marosim 2027-yil 25-fevralda Parijda oʻtadi.

13-noyabr, 09:54По-русски

Read in English

hollywoodreporter.com

Mukofot aktrisaga «Sezar» kinomukofotining 52-marosimida, Olympia kinoteatrida topshiriladi. Fransiya akademiyasi Kidmanni Gollivud yulduzi va mualliflik kinosining koʻzga koʻringan vakili deb atadi.

Tashkilotchilar uning odatiy doiralardan tashqarida karyera qura olganini taʼkidladi. Kidman Aquaman va Practical Magic kabi yirik studiya loyihalarida, shuningdek, Stanley Kubrick, Jane Campion, Lars von Trier va Baz Luhrmannning mualliflik filmlarida suratga tushgan. Ular qatorida Eyes Wide Shut, The Portrait of a Lady, Dogville va Moulin Rouge! filmlari bor.

Kidman «Oskar»ga besh marta nomzod boʻlgan va The Hours filmidagi bosh ayol roli uchun mukofot olgan. U filmda Virginia Woolf obrazini ijro etgan. Aktrisa prodyuser sifatida ham faoliyat yuritadi: oʻzining Blossom Films kompaniyasi orqali Big Little Lies, The Undoing va Nine Perfect Strangers seriallarini yaratishda qatnashgan.

Akademiya faxriy «Sezar» bilan yulduzlik maqomi uning badiiy tanlovlarini belgilashiga yoʻl qoʻymagan aktrisa va prodyuserni taqdirlamoqchi ekanini bildirdi. Soʻnggi yillarda bu mukofotni Jim Carrey, Julia Roberts, Christopher Nolan, David Fincher va Cate Blanchett olgan.

2027-yil laureatlari uchun ovoz berishning birinchi bosqichi 5-yanvarda boshlanadi, nomzodlar esa 22-yanvarda eʼlon qilinadi. Marosimni fransiyalik komik Vincent Dedienne olib boradi, mukofot raisi etib esa Léa Seydoux tayinlangan.