S&P 500 ETFʼiga haftasiga 196 dollar investitsiya qilib, 1 million dollarni qanday jamgʻarish mumkin
Haftasiga 196 dollar kiritilsa va yillik oʻrtacha daromadlilik 10 foizni tashkil etsa, VOO ETFʼiga investitsiya qilingan mablagʻ nazariy jihatdan 25 yil ichida 1 million dollarga yetishi mumkin. Oʻtgan davrdagi natijalar kelajakdagi natijalarni kafolatlamaydi.

VOO ETFʼi uchun muntazam investitsiyalar ssenariysi hisoblab chiqildi. Unga koʻra, investor murakkab foiz hisobiga 1 million dollar jamgʻarishi mumkin. Hisob-kitobga fondning oʻzidagi yuqoriroq tarixiy koʻrsatkichlar emas, S&P 500 indeksining uzoq muddatli oʻrtacha yillik daromadliligi — 10 foiz asos qilib olindi.
Savdolar boshlanganidan beri VOOʻning oʻrtacha yillik daromadliligi 12,5 foizni, dividendlarni qayta investitsiya qilish hisobga olinganda esa 14,6 foizni tashkil etgan. Bu surʼatlar saqlanib qolganida, hisob-kitob boʻyicha mablagʻni jamgʻarish muddati qisqaroq boʻlardi, biroq oʻtgan davrdagi natijalar takrorlanishi kafolatlanmaydi.
Haftalik badal miqdori va investitsiya qilish muddati ushbu ssenariyning asosiy shartlari boʻlib qoladi. Daromadlilik oʻzgarishi mumkin, bozorda pasayish davrlari esa muqarrar. VOO qariyb 500 ta yirik kompaniyaning aksiyalarini birlashtiradi, biroq bu zarar koʻrish ehtimolini istisno qilmaydi va investitsiyalarni xavfsiz holga keltirmaydi.



