Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Siyosat

Oʻzbekistondagi ijodiy tanlov gʻoliblariga 300 mln soʻmgacha toʻlanadi

Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi madaniyat, sanʼat va adabiyotdagi nufuzli tanlovlar gʻoliblariga toʻlovlarni belgiladi: xalqaro tanlovlar uchun 300 mln, respublika tanlovlari uchun 100 mln soʻmgacha.

13-noyabr, 18:17По-русски

Read in English

Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 11-noyabrda qaror qabul qildi. Hujjatda madaniyat, sanʼat va adabiyot sohasidagi nufuzli xalqaro hamda respublika tanlovlari gʻoliblari va laureatlariga davlat budjetidan bir martalik toʻlovlar berilishi nazarda tutilgan.

Xalqaro tanlovda Gran-pri va 1-oʻrin uchun 300 mln soʻm, respublika tanlovida esa 100 mln soʻm toʻlanadi. 2-oʻrin egalari tegishincha 200 mln va 50 mln soʻm, 3-oʻrin egalari esa 100 mln va 25 mln soʻm oladi.

Gʻoliblar va sovrindorlarni tayyorlagan oʻqituvchilar hamda akkompaniatorlarga bir yil davomida oylik ish haqining 100 foizi miqdorida mukofot puli toʻlanadi. Davlat, shuningdek, nufuzli xalqaro tanlovlarda gʻoliblar va sovrindorlar, shuningdek, ularning oʻqituvchilari hamda akkompaniatorlari ishtiroki bilan bogʻliq barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.

Umumtaʼlim maktablari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablari oʻqituvchilariga 20 foizgacha oylik mukofot puli belgilanadi. Uning miqdori oʻquvchilarining musiqa asboblarini chalish mahorati darajasiga bogʻliq boʻladi.

2027-yil 1-yanvardan davlat organlari va tashkilotlari budjet hamda budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan oʻtkazadigan tanlovlar “ERP Culture” Yagona boshqaruv tizimining milliy platformasiga kiritiladi. Qaror 2026-yil 12-noyabrda kuchga kirdi.