Juma, 27-noyabr 2026-yilRUUZENTelegram
Sport

Shaxmat toji uchun bahsda Sindarov va Gukesh yana gʻolibni aniqlay olmadi

Javohir Sindarov va jahon chempioni Dommaraju Gukesh shaxmat toji uchun bahsning uchinchi partiyasini durang bilan yakunladi. 60 yurishdan soʻng hisob 1,5:1,5 boʻldi.

27-noyabr, 12:50По-русски

Read in English

Jenevada oʻtgan partiya deyarli besh soat davom etdi. Gukesh qora donalarda oʻynadi va debyutdayoq tashabbusni qoʻlga oldi: u Sindarovning yurishlariga tayyorgarligi tufayli tezkor javob qaytardi. 15 yurishdan keyin hindistonlik shaxmatchi ikki daqiqadan sal koʻproq vaqt sarflagan boʻlsa, oʻzbekistonlik grossmeyster ancha koʻproq vaqt ishlatdi.

Birinchi vaqt nazoratidan oldin Sindarov jiddiy bosim ostida qoldi. 39-yurishga kelib, uning atigi sakkiz soniyasi qolgan edi, biroq u Bb4 yurishini topib, bevosita tahdiddan qutuldi. Qoʻshimcha vaqt berilgach, oʻzbekistonlik shaxmatchi pozitsiyani barqarorlashtirdi va raqibining hujum imkoniyatlarini chekladi.

Ruhlar almashilgach, taxtada turli rangdagi fillar qoldi va bu gʻalaba ehtimolini kamaytirdi. Gukesh ustunlikni kuchaytirish imkoniyatlarini izlashda davom etdi, ammo Sindarov muvozanatni saqlab qoldi. Raqiblar shohlarning yurishlari takrorlanganidan soʻng durangga kelishib oldi.

Keyingi partiya 28 noyabrda boʻlib oʻtadi. Unda Gukesh oq donalarda oʻynaydi. Bahs 14 partiyaga moʻljallangan; agar asosiy bosqich yakunida hisob teng boʻlib qolsa, chempion tay-breykda aniqlanadi.